Янгиликлар
Tuman hokimi maktabdagi darslarni taqsimlab berishga vakolati bormi?
Tuman hokimi maktabdagi darslarni taqsimlab berishga vakolati bormi?
Assalom aleykum, savolim quydagicha, tuman hokimining oʻqituvchilar bilimini tekshirib koʻrish uchun testlar olishga va olgan natijalariga qarab dars taqsimlashga haqlari bormi? Ularning toifa testlarini topshirganliklari yoki qator sertifikatlar olganligining oʻzi bilim darajasini belgilab bermaydimi?
Yoʻq hokimining matkabdagi dars taqsimotiga aralashishga hech qanday huquqi yoʻq. “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami № 3271) dars taqsimoti masalasiga bagʻishlangan.
Maktabda darslar pedagogik kengashlar tomonidan taqsimlanadi. Bu qoida yuqoridagi nizomning 15-bandida qayd etilgan. Ushbu kengashga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 6-mh-son buyrugʻi (09.06.2016-yilda roʻyxatdan oʻtgan, roʻyxat raqami 2799) bilan direktor rahbarlik qiladi.
Ushbu qoidaning mazmuniga koʻra dars taqsimoti jarayonida navbatdagi pedagogik kengash chaqiriladi. Bunda ushbu kengashda qatnashayotgan har bir oʻqituvchi oʻz fikrini bildirishi mumkin. Bu fikrlar kengash majlis bayonnomasiga yoziladi.
Ikkinchidan, Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunda hokimliklar maktablarning taʼlim jarayoniga oid vakolatlari belgilanmagan.
Uchinchidan, Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra hokimlik faqat maktablarning moddiy texnik bazasini shakllantirishda maktab faoliyatiga oid vakolatlarga egaligi belgilangan.
Toʻrtinchidan, Maʼmuriy javogarlik toʻgʻrisdagi kodeksning 197-5-moddasiga muvofiq taʼlim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilar bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish:
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha;
mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shunday ekan, hokimning yoki hokimlik vakilining maktablardagi dars taqsimotiga aralashishga hech qanday huquqi yoʻq. Bu masalada sizlar viloyat hokimligiga, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga murojaat qilishingiz lozim.
B.Oʻsmonov
Ohangaron shahar adliya boʻlimi YUXKM bosh yuristkonsulti