Янгиликлар
Tadbirkorlarning huquqlari – davlat himoyasida
Tadbirkorlarning huquqlari – davlat himoyasida
Qibray tumani adliya boʻlimi tomonidan 2023-yil mobaynida fuqarolar va tadbirkorlik subʼyektlari manfaatini koʻzlab kiritilgan taʼsir choralari natijasida sudlarga 90 dan ziyod daʼvo arizalari kiritilgan. Sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining 98 foizi qanoatlantirilgan. Adliya boʻlimlari tomonidan hal etilgan masalalar qatoriga asosan mehnat huquqlarining buzilishi, pensiyaga oid muammolar, sogʻliqni saqlash sohasidagi qonun normalariga amal qilinishi, yer-mulk sohasidagi muammolar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga toʻsqinlik boʻlayotgan turli holatlar tashkil qiladi.
Qibray tuman adliya boʻlimida ham jismoniy va yuridik shaxslarni huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bir ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 22 avgust kuni “M.S.S.” MCHJ rahbari M.A. tuman adliya boʻlimiga Qibray tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan kreditor qarzdorligi toʻlanmayotganligidan norozi boʻlib murojat qildi.
Aniqlanishicha, “M.S.S.” MCHJ (Autsorser) nizom asosida faoliyat yurituvchi M.A. va Qibray tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (Buyurtmachi) oʻrtasida 2023-yil 27-yanvar kuni 3-sonli shartnoma tuzilgan.
Biroq, Qibray tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan 2023 yil 1-iyul holatiga koʻra “M.S.S.” MCHJga nisbatan
1 308 497 693 (bir milliard uch yuz sakkiz million toʻrt yuz toʻqson yetti ming olti yuz toʻqson uch) soʻmlik kreditor qarzdorligi vujudga kelgan boʻlib, hozirgi kunga qadar toʻlab berish choralari amalga oshirilmagan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining
324-moddasining qarzdor majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan zararni toʻlashi shartligi belgilangan. Mazkur kodeksining 703-modda haq evaziga xizmat koʻrsatish shartnomasi boʻyicha ijrochi buyurtmachining topshirigʻi bilan ashyoviy shaklda boʻlmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq toʻlash majburiyatini olishi belgilangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi “Xoʻjalik yurituvchi subektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi 670-I-sonli Qonunining 24-moddasiga muvofiq taraflardan biri shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, bu taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararni toʻlashi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida, ushbu Qonunda, oʻzga qonunchilik hujjatlarida va shartnomada nazarda tutilgan tartibda boshqacha tarzda javobgar boʻlishi belgilangan.
Ushbu “M.S.S.” MCHJning murojaati oʻrganib chiqilib, “M.S.S.” MCHJ manfaatida javobgar Qibray tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga nisbatan kreditor qarzdorligini undirish toʻgʻrisida Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan Qibray tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan 1 308 497 693 (bir milliard uch yuz sakkiz million toʻrt yuz toʻqson yetti ming olti yuz toʻqson uch) soʻmlik kreditor qarzdorligi toʻlab berildi.
Zero, Adliya boʻlimlarini tashkil etishdan asosiy maqsad ham huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqish, huquqiy normalarning oʻzboshimchalik bilan va notoʻgʻri talqin qilinishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan joylarda davlat organlari va boshqa tashkilotlarga huquqiy maslahatlar berish, shuningdek fuqarolarning huquq va erkinliklari ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bogʻliq holda taʼminlanishiga erishishdan iborat edi. Bu esa hamyurtlarimizning viloyatlar markaziga yuzlab chaqirim yoʻl bosib oʻtirmay, ularning huquqiy muammolarini ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishga imkon berdi. Adliya boʻlimlarining tashkil qilinganligi fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish yoʻlida katta qadam boʻldi deb ayta olamiz. Adliya boʻlimlari tomonidan yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmunini keng xalq ommasiga tushuntirish boʻyicha koʻplab tadbirlar amalga oshirilayotganligi yuqoridagi soʻzlarimizning dalili hisoblanadi. Bundan tashqari, tuman adliya boʻlimlari tomonidan tumanlar (shaharlar) hokimlari va xalq deputatlari Kengashlarining normativ-huquqiy tusdagi qarorlarini qonun hujjatlariga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilayotganligi koʻplab qonun buzilishlarining oldini olmoqda. Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka berilgan takliflar koʻplab byurakratik toʻsiqlarni oldini olganligni koʻrishimiz mumkin.
Bundan tashqari adliya boʻlimlari tomonidan aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish borasida ham koʻplab targʻibotlar va boshqa amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, adliya boʻlimlari butun faoliyati davomida aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklash boʻyicha koʻplab ishlarni amalga oshirdi.
Qibray tumani adliya boʻlimi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish boʻlinmasi bosh maslahatchisi Abdusattorov Jaxongir Jalolovich