Янгиликлар
Xodimning ishdan boʻshatishda kasaba uyushmasining xulosasini olish tartibi qanday?
Xodimning ishdan boʻshatishda kasaba uyushmasining xulosasini olish tartibi qanday?
Mehnat kodeksining 164-moddasida Agar jamoa kelishuvida yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan boʻlsa, mehnat shartnomasini bunday roziliksiz bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga koʻra quyidagi hollarda bekor qilinganda kasaba uyushmasi qoʻmitasining roziligi talab etilmaydi:
tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) oʻz muassislarining (ishtirokchilarining) yoki taʼsis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganligi munosabati bilan;
ushbu Kodeks 161-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan istalgan asoslardan biriga koʻra tashkilot rahbari, alohida tarkibiy boʻlinma rahbari bilan;
tashkilot mulkdori oʻzgarganligi munosabati bilan ushbu Kodeks 489-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter va tashkilotning alohida boʻlinmasi rahbari bilan.
Kasaba uyushmasi qoʻmitasi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga roziligi masalasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida mehnat shartnomasini bekor qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxsning yozma taqdimnomasi olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda ish beruvchiga xabar qilishi kerak. Agar koʻrsatilgan muddat tugaganidan keyin kasaba uyushmasi qoʻmitasi qabul qilingan qaror haqida xabar qilmasa, ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda kasaba uyushmasi qoʻmitasining roziligisiz bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir.
Mana shunday hodimlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qoida bor. Agar jamoa kelishuvida yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan boʻlsa, mehnat shartnomasini bunday roziliksiz bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kasaba uyushmasining xulosasini olish tartibi qanday?
Kasaba uyushmasi roziligini olish uchun unga taqdimnoma kiritiladi, kasaba uyushmasi 10 kunda uni koʻrib chiqib xulosa berishi kerak.
Mazkur xulosa 1 oy amal qiladi, 1 oydan keyin mazkur xulosa bilan xodimni ishdan boʻshatib boʻlmaydi. Oʻz vaqtida xulosa berilmasa, xodim kasaba uyushmasi roziligisiz ishdan boʻshatilishi mumkin.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti
Sh.Mirzaaxmedov