Янгиликлар
Maktabga kirishda oʻquvchi va boshqa fuqarolar mobil telefonlarni maktab maʼmuriyatiga topshirish tartibini yoʻlga qoʻyish tavsiya etildi
Maktabga kirishda oʻquvchi va boshqa fuqarolar mobil telefonlarni maktab maʼmuriyatiga topshirish tartibini yoʻlga qoʻyish tavsiya etildi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 31-avgust kungi 282-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan "Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari"da maktab hududida mobil telefonlar foydalanish boʻyicha bir qancha tavsiyalar berildi.
Unga koʻra, taʼlim muassasasi hududida har bir taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda tashrif buyuruvchi boshqa fuqarolar shaxsiy mobil aloqa vositalarini ovozsiz holatga keltirishlari, maktab ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda (maktab foyesi, maʼnaviyat xonasi, sinf xonalari va boshqa qulflanadigan joylarda) qulfli qutilar tashkil etilishi lozim boʻladi.
Bunda taʼlim muassasasining binosiga kirilganda mobil aloqa vositalarini topshirish va dars jarayonlari tugagandan soʻng qabul qilib olish tartibini yoʻlga qoʻyish tavsiya etiladi.
Taʼlim muassasasida pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini maktab rahbariyati nazorat qiladi.
Oʻquvchilar tomonidan mobil telefondan foydalanish qoidalariga rioya etilishini esa barcha pedagoglar, jumladan sinf rahbarlari shaxsan nazorat qiladi.
Oʻqituvchi tomonidan ogohlantirilishiga qaramay dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etganda fan oʻqituvchisi, sinf rahbari, direktor oʻrinbosari, psixolog (inspektor-psixolog) ishtirokida oʻquvchining telefoni (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) olib qoʻyiladi va holat yuzasidan maktab direktori hamda oʻquvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari ogohlantiriladi.
Shunday holat oʻquv yili davomida bir oʻquvchi tomonidan ikki va undan ortiq marotaba takrorlanganda oʻquvchining ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddasi asosida maʼmuriy javobgarlikka tortiladi, oʻquvchi ichki ishlar organlarining profilaktik roʻyxatiga olinadi.
Boʻstonliq tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish markazi
bosh yuriskonsulti
M.Shukurov