Янгиликлар
Odamlarni mehnat taʼtiladan chaqirib olish
Odamlarni mehnat taʼtiladan chaqirib olish
Hozirda koʻplab xodimlar yillik mehnat taʼtiliga chiqib ketishgan. Shunday boʻlsa-da taʼtildagi xodimlarni ishga chaqirib olish holatlari ham uchrab turadi.
Shu jarayonda ish beruvchilar tomonidan baʼzi kamchiliklarga, xatoliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Mazkur postda xordimlarni mehnat taʼtilidan chaqirib olish tartibini tushuntirib oʻtamiz.
Mehnat kodeksining 232-moddasiga, asosan har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olishga taʼtilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Kodeksda shunday toifa vakillari borki, bu toifa vakillarini taʼtildan chaqirib olish mumkin emas. Kodeksning 232-moddasi 2-qismiga asosan
- 18 yoshga toʻlmagan xodimlarni,
- homilador ayollarni,
- mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlarni har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kodeksning 230-moddasiga koʻra har yilgi mehnat taʼtili har yili, ushbu taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.
Ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga koʻra joriy yilda har yilgi mehnat taʼtilini toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan taʼtilning 14 kalendar kundan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin boʻlib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart.
Yaʼni xodimni taʼtildan chaqirib olishda shunga eʼtibor berish kerakki, xodim mehnat taʼtilining yaxlit 14 kalendar kuniga teng qismidan joriy yilda foydalanilishi shart.
Taʼtil qismlarga boʻlinganda taʼtilning yaxlit bir qismi 14 kalendar kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Xodim taʼtildan chaqirib olinsa taʼtil puli taqdiri nima boʻladi?
“Yillik mehnat taʼtili vaqtida saqlanib qolinadigan oʻrtacha ish haqi miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma 21-bandiga koʻra xodim taʼtildan chaqirib olinsa va taʼtilning qolgan qismi boshqa muddatga koʻchirilsa, taʼtilning koʻchirilgan kunlariga toʻgʻri keladigan toʻlangan oʻrtacha ish haqi summasi bajarilgan ish yoki ishlangan vaqt uchun oylik ish haqi hisobiga yoziladi. Taʼtilning foydalanilmagan qismi kunlariga haq toʻlash uchun oʻrtacha ish haqi belgilangan tartibda hisoblab chiqiladi.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM bosh yurisonsulti
Sh.Mirzaaxmedov