Янгиликлар
Bilasizmi? Bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish javobgarlikka sabab boʻladi.
Bilasizmi? Bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish javobgarlikka sabab boʻladi.
Oʻzbekiston respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” gi qonunining 3-moddasida bola — oʻn sakkiz yoshga toʻlgunga (voyaga yetgunga) qadar boʻlgan shaxs hisoblanadi.
Bola huquqlari boʻyicha xalqaro va milliy darajada koʻplab maxsus hujjatlar mavjud boʻlib, bola huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro darajadagi asosiy hujjat “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya” hisoblanadi. Konvensiya Nyu-Yorkda 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan. Mazkur konvensiya 54 ta moddadan iborat boʻlib, ularda bolalarning huquqlari belgilab berilgan. Konvensiyaga kiritilgan barcha huquqlar barcha bolalarga nisbatan qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani 1992-yil 9-dekabrda ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaga binoan, bola mustaqil shaxs sifatida qabul qilinadi. Konvensiya bolani oʻziga xos huquqlarga ega boʻlgan shaxs sifatida tavsiflaydi
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 476-moddasida bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish yuzasidan javobgarlik belgilangan boʻlib;
-Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan bolani ota, ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bundan tashqari, bolaning chet davlat hududida nazoratsiz qoldirilganligi haqidagi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda koʻpi bilan oʻttiz kunlik muddat belgilagan holda sud mazkur maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning zimmasiga bolani chet davlat hududidan Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish majburiyatini yuklatadi. Otaning, onaning yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxsning yoxud hamrohlik qiluvchi shaxsning iltimosnomasiga koʻra mazkur muddat yana oʻttiz kunga uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekistonga qaytarilishini taʼminlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oʻsha qilmish ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shu bilan birgaB har bir bola tugʻilgan paytdan eʼtiboran familiya, ism, ota ismi olish, millati va fuqaroligiga ega boʻlish huquqiga, shuningdek ularni saqlab qolish huquqiga ega.
Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
Har bir bola oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga gʻayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Bilamizki, Mustaqil Oʻzbekistonimizda bola huquqlari quyidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonuni, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida” gi Qonuni, va “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” gi Qonuni hamda “Taʼlim toʻgʻrisida” gi Qonuni va boshqalar.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N.Anarqulova