Янгиликлар
Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi amalga oshiriladi
Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi amalga oshiriladi
“Nisbatan barqaror va bozor konyunkturasi
oʻzgarishlariga tez moslashuvchan, yangi ish oʻrinlari
yaratish imkonini beradigan kichik biznesni jadal
rivojlantirish masalasini hal etish bizning sharoitimizda
hamon muhim ahamiyatga molik masala boʻlib qolmoqda”
Sh.M. Mirziyoyev
Joriy yilning 18-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “uzluksiz xizmatlar zanjiri”ni yaratish maqsadida joriy yilning 14-sentyabrida “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Kichik biznes subyektlari – korxona koʻlami, ishlab chiqarish hajmi, ishlovchilar soni, moliyaviy mablagʻlari miqdori va boshqalar jihatidan imkoniyatlari cheklangan ishlab chiqaruvchi subyektlar. Respublikamizda kichik biznes subyektlari toifasiga yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar va kichik korxonalar kiradi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik – alohida fuqarolar tomonidan oʻzlarining tavakkalchiliklari va mulkiy javobgarliklari ostida, shaxsiy daromad (foyda) olish maqsadida amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiriladigan tashabbuskor xoʻjalik faoliyati.
Mikrofirma – kichik biznes subyektlarining bir turi boʻlib, mamlakatimizda amaldagi qonunchilikka koʻra sanoat ishlab chiqarishning tarmoqlarida 20 kishigacha, xizmat koʻrsatish sohasida 10 kishigacha, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5 kishigacha ishlovchi korxonalar mikrofirma hisoblanadi.
Kichik korxona – kichik biznes subyektlarining bir turi boʻlib, mamlakatimizda amaldagi qonunchilikka koʻra sanoat ishlab chiqarishning ayrim tarmoqlarida (masalan, yengil va oziq-ovqat sanoati, metallga ishlov berish va asbobsozlik sanoati va h.k.) 100 kishigacha, ayrimlarida (masalan, mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika sanoati va boshqalarda) 50 kishigacha, xizmat koʻrsatish sohasida 25 kishigacha ishlovchi korxonalar kichik korxona hisoblanadi.
Mazkur qarorga koʻra, 2023-yil 1-oktyabrdan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.
“Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga onlayn ariza yuborish orqali Dasturda ishtirok etish huquqiga kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YATT, dehqon xoʻjaliklari, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan taʼminlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarib, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan shaxslar ega boʻladi.
Qarorga asosan, 2023-yil 1-oktyabrdan Dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga, faoliyatini yoʻlga qoʻyish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha hamda aylanma mablagʻlar uchun revolver tarzda 3 yilgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik yuqori stavkada 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi.
Bunda, 100 million soʻmgacha kreditlarni garovsiz, 150 million soʻmgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi.
Shuningdek, qiymati 1,5 milliard soʻmgacha boʻlgan asosiy vositalar 7 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan qarzga beriladi.
Bundan tashqari, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard soʻmgacha grant mablagʻlari ajratiladi.
Prezident qarori bilan 2024-yil 1-yanvardan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratilishi, iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida Kichik va oʻrta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qoʻllab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etilishi belgilandi.
Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarda samarali amalga oshirilishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan mamlakat tayanchi hisoblangan korxona faoliyatini doimo takomillashtirib borish va ulardagi muammolarni bartaraf etib borish bugungi kun, yaʼni bozor iqtisodiyoti talablaridan asosiysi hisoblanmoqda.
Hozirgi kunda bu korxonlarni faoliyatini ragʻbatlantirishga, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning natijasida milliy iqtisodiyotimizda kun sari kichik biznes korxonalari soni koʻpayib bormoqda. Shularni hisobga olgan holda ayni kunlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari faoliyatini ragʻbatlantirish davlatimiz oldiga qoʻygan ustuvor maqsadlarning asosiysi boʻlib qolmoqda.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova