Янгиликлар
Xodimlarning birlashish huquqi
Xodimlarning birlashish huquqi
Xodimlar oʻz huquqlari va manfaatlarini biror-bir farqqa qaramasdan ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda oʻz xohishiga koʻra va oldindan ruxsat olmasdan kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga aʼzo boʻlish huquqiga ega.
Ijtimoiy sheriklikning tegishli darajalarida kasaba uyushmalari mavjud boʻlmagan taqdirda, xodimlar oʻz manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni taʼminlash uchun boshqa birlashmalar tuzishga haqlidir.
Kasaba uyushmalariga yoxud xodimlarning boshqa birlashmalariga mansublik yoki mansub emaslik fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari va erkinliklarini biror-bir tarzda cheklashga sabab boʻlmaydi.
Kasaba uyushmalarining yoki xodimlar boshqa birlashmalarining barcha aʼzolari mehnat kodeksida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, kasaba uyushmalarining yoki xodimlarning boshqa birlashmalari ustavlarida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan oʻz huquq va majburiyatlari borasida tengdir.
Ishga qabul qilishni, xodim uchun ehtimol tutilgan imtiyozlar va preferensiyalarni, shu jumladan ustamalarni, mukofot pullarini, ishda yuqori martabaga koʻtarilishni, shuningdek mehnat shartnomasining bekor qilinishini muayyan kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmasiga mansublik yoki mansub emaslik, unga aʼzo boʻlish yoxud undan chiqish bilan bogʻlash taqiqlanadi.
Xodimlarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga aʼzo boʻlishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Piskent tumani Adliya boʻlimi Yuridik
xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti Surobov R.