Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

28

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida qanday yangiliklar aks etgan?


Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida qanday yangiliklar aks etgan?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil 28 oktabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi [OʻRQ-798 sonli] qonunni imzoladi.

2023-yil 30-aprel kuni Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi kuchga kirdi. Kodeks 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish beruvchi subʻyektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qatʻi nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega boʻlgan tashkilotlarning alohida tarkibiy boʻlinmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi oʻrinlarining koʻpayishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlarini doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keldi.

Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka oid alohida boʻlimda mazkur munosabatlarning huquqiy asosi ochib berilmoqda. Ijtimoiy sheriklik xodimlar, ish beruvchilar, ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi mehnat va u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorlikni taʻminlashga qaratilgan tizimni nazarda tutadi.

Kodeksda nogironligi boʻlgan shaxslarning, oʻrindoshlik asosida ishlovchilarning, kasanachilar mehnatining, masofadan ishlovchi xodimlarning, shuningdek, navbatchilik uslubida ishlayotgan shaxslar mehnatini tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari batafsil bayon etilgan.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi Respublikamizda kuchga kirishidan oldin ish beruvchi xodimning ishlash darajasidan qatʻi nazar, uning pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi holatlari mavjud edi. Bu holat Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat va bandlik sohasidagi kamsitishlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi konvensiyasiga mos kelmasdi. Bu holatga Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga xodimning pensiya yoshiga toʻlishi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi kiritilmaganligi bilan chek qoʻyildi.

Shuningdek, moslashtirilgan ish vaqti rejimi belgilanganligi qonun loyihasining muhim jihatlaridan. Bu maʻlum bir xodimlar yoki tashkilotning tarkibiy boʻlinmalaridagi xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishi, tugashi va umumiy ish kuni muddatini xodimning oʻziga tartibga solishga ruxsat etgan holda ish vaqtini tashkil etish usuli hisoblanadi.

Bundan tashqari Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ish bilan taminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona malumot bazasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmlari ochib berilgan.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam boʻlmagan taʻtil berish imkoniyatini belgilandi.

Shuningdek, Kodeksning 241-moddasida Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda xodimning yozma arizasiga koʻra ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi koʻpaytirilishi, biroq koʻpi bilan olti oygacha koʻpaytirilishi mumkinligi haqidagi yangi norma belgilandi.

 

Piskent tuman adliya boʻlimi Yuridik xizmat

koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti

3-darajali yurist                                                                     R.Surobov