Янгиликлар
Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi
Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi
“Kasanachilik” tushunchasi tuzilgan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs — kasanachining yashash joyi boʻyicha yoki unga yoki uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan boshqa binolarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha kasanachi tomonidan amalga oshirilayotgan ishni anglatadi. Kasanachi — 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi jismoniy shaxs boʻla oladi.
Fuqarolar olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etganligi uchun subsidiya olish maqsadida tuman (shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga yozma ravishda murojaat qilishi, tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan 3 ish kunida subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi, agar subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, talabgorga ushbu qaror nusxasini 1 kun muddatda yuborishi va agarda subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan soʻng talabgorga qaror qabul qilingandan soʻng 5 ish kuni ichida yuborishi hamda har bir kasanachining dastlabki uch oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratilishi belgilangan.
Qaror bilan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan yoki “Ijtimoiy himoya yagona reestri” da boʻlgan va kasanachilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish harajatlarining 50 foizigacha boʻlgan qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratilishi, tadbirkorlar kasanachilikni tashkil etganidan kamida 3 oy oʻtgandan soʻng subsidiya olish uchun Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga yozma ravishda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi hamda Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 5 ish kuni ichida subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilishi va talabgorga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik oʻrtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari davlat buyurtmasi asosida nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasbga oʻqitilgan fuqarolarni malaka darajasini baholash uchun malakani baholash markazlariga yuboradi hamda malaka imtihonlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni har bir band boʻlmagan shaxs uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Belgilanishicha, talabgor kasanachilikni tashkil etganidan soʻng subsidiya olish uchun mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining tavsiyasi asosida tegishli mahalliy mehnat organiga yozma ravishda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Bunda mahalliy mehnat organi tomonidan kasanachining dastlabki uch oy davomidagi daromadi miqdori haqqoniyligi tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasidan maʼlumot olish yoʻli bilan yoki “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali amalga oshiriladi.
Agar talabgor mahalliy mehnat organining subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlsa, yuqori turuvchi organga yoki sud organlariga shikoyat qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, kasanachilik harakatini rivojlantirish orqali aholini ish bilan oqilona bandlik shakllanishi; ishchi kuchiga talab va taklif oʻrtasida bozor muvozanatiga erishish; ish joylarini koʻpaytirish; iqtisodiy faol aholini, ayniqsa uy ayollarini ijtimoiy mehnatda ishtirokini oshirish mehnat unumdorligining oʻsishini taʼminlash; aholining mehnat daromadlarini koʻpaytirish; ishsizlikni kamaytirish, qishloq aholisi turmush darajasi va farovonligini oshirish va eng asosiysi, qishloq mehnat bozorida keskinlikni birmuncha pasaytirish imkoniyati tugʻiladi.
Yangiyoʻl tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi Saidislom Jamolov