Янгиликлар
Volontyorlik faoliyati takomillashmoqda
Volontyorlik faoliyati takomillashmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan volontyorlik faoliyatini yoʻnaltirish, muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, hisobga olish mexanizmlarini ishlab chiqish, davlat organlarining vazifa va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamkor shaklda bajarish amaliyotini joriy qilish nazarda tutilgan.
Shunga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Volontyorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaror qabul qilindi.
Qarorning ahamiyati davlat organlarining vazifa va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamkor shaklda bajarishni tashkil etishdan iboratdir.
Volontyorlik — fuqarolar, ularning guruhlari yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirish hisoblanadi. Volontyor sifatida voyaga yetgan, tegishli soha boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar davlat organlari faoliyatiga volontyor sifatida jalb etilishi mumkin. Bunda fuqaro 18 yoshdan oshgan boʻlishi lozim. Agar volontyorlik faoliyati ularning sogʻligʻiga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va oʻquv jarayonini buzmasa oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan jismoniy shaxslar ham volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Volontyorlik faoliyati kam taʼminlanganlarni, ishsizlarni, koʻp bolalilarni, boshpanasizlarni, qarovsiz qolganlarni, shuningdek, ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida volontyorlik yordami koʻrsatish, bemorlarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni, yolgʻizlarni, qariyalarni hamda oʻzining jismoniy, moddiy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli qoʻllab-quvvatlashga va yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni parvarishlash, tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat oqibatida, alohida rejim, favqulodda holat joriy etilganda, ijtimoiy mojarolar, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek jinoyatlardan jabrlanganlarga, qochqinlarga yordam koʻrsatish, oʻzining jismoniy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi cheklangan shaxslarga yordam koʻrsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy merosni, tarixiy-madaniy muhitni, dafn etish joylarini saqlab qolish bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazish, ommaviy sport, madaniy tadbirlarni va boshqa jamoat tadbirlarini tashkil etish bilan bogʻliq milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni oʻtkazishga koʻmaklashish, alohida davr va favqulodda holat huquqiy rejimlarining amal qilishi vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, boshqa harbiy idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik yordami koʻrsatish boʻyicha tashkil etilishi mumkin.
Mazkur qonunga asosan: muomala layoqati belgilangan tartibda cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan, tegishli soha boʻyicha yetarlicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlmagan shaxs, davlat organi xodimi oʻzi ishlayotgan davlat organi faoliyatida, oʻziga nisabatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, shuningdek, qasddan jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan, jinoiy jazoni oʻtayotgan, belgilangan vazifalarni amalga oshirishga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsoni mavjud boʻlgan va haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, bundan tashqari, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari volontyorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Professional va oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan fuqarolar ushbu taʼlim muassasalaridagi taʼlimdan tashqari vaqtlarda volontyorlar guruhi tarkibida volontyorlik bilan shugʻullanishi mumkin.
Volontiyorlar jalb etiladigan davlat organining vazifalari va funksiyalari roʻyxati davlat organi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Shunga qaramay, pul mablagʻlari bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi, maxfiy maʼlumotlarni saqlovchi va ular bilan ishlovchi va inson hayoti uchun xavfli boʻlgan, bajarilishi alohida bilim va koʻnikma talab etadigan vazifalarni amalga oshiruvchi tuzilmalarga volontyorlar jalb etilishi mumkin emas.
Volontyorlar davlat organining yoshlar ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladigan toq sondagi komissiya tomonidan eʼlon asosida hujjatlarni yuborgan volontyorlar orasidan suhbat orqali saralab olinadi. Suhbat jarayoni video tasvirga olinishi mumkin.
Saralab olinganlardan iborat guruh tashkil etiladi. Volontyorlarning hisobini yurtish maqsadida volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi. Bunda volontyorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, pasport maʼlumotlari, faoliyatni boshlagan sana va faoliyat yoʻnalishi aks ettiriladi.
Bunda volontyor oʻz yoʻnalishini erkin tanlash va xavfli ishlarda oʻz sogʻligʻi va hayotini sugʻurta qildirishi kabi huquqlarga, shuningdek, oʻz vazifalarini vijdonan bajarish va faoliyati bilan bogʻliq sirlar hamda boshqa volontyorlarning maʼlumotlarini uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik haqidagi majburiyatlarga ega boʻladi.
Davlat organi valontyorning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, volontyorlarga ularning davlat organi faoliyatiga koʻmaklashishi davomida yuzaga kelgan yoʻl haqqi, yashash, ovqatlanish xarajatlari va boshqa xarajatlarni qoplash hamda zarurat tugʻilganda maxus kiyim-bosh, yakka tartibdagi himoyalanish vositalari, asbob-uskunalar bilan taʼminlash majburiyatiga ega boʻladi.
Mazkur huquq va majburiyat davlat organi va volontyor oʻrtasida tuzilgan shartnomada oʻz aksini topadi. Agar davlat organi faoliyatiga jalb etilgan volontyor oyiga 20 soatdan koʻproq volontyorlik faoliyati bilan band boʻlsa, volontyor bilan volontyorlik shartnomasi tuzilishi shart. Bundan tashqari volontyorlik shartnomasida volontyor volontyorlik dasturi, aksiyasi vaqtida amalga oshiradigan faoliyatning tavsifi, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish davri, ish soatlari va kunlari, ishonib topshirilgan moddiy qimmatliklarning qiymati koʻrsatilgan holdagi tavsifi, shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari, volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi tomonidan beriladigan imtiyozlar, belgilab qoʻyiladigan kasbiy talablar, ijtimoiy koʻnikmalar, rivojlanish manfaatlari, zarur boʻlganda, sogʻligʻining holatiga doir talablar, taraflarning yetkazilgan zarar uchun javobgarligi va shartnomani bekor qilish va uni haqiqiy emas deb topish shartlari qayd etiladi.
Mazkur shartnoma davlat organi tomonidan volontyor sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, volontyorga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda, volontyor vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda bekor qilinishi mumkin.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish Markazi
bosh yuriskonsulti S.Mamatqulov