Янгиликлар
Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish mumkinmi?
Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish mumkinmi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 161-moddasiga ko‘ra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish asoslangan bo‘lishi kerak.
Quyidagi sabablardan (asoslardan) birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asoslanganligini bildiradi:
1) tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi;
2) texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlari sonining yoki shtatining o‘zgarganligi;
3) xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi;
4) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil ichida xodim tomonidan takroran intizomiy nojo‘ya harakat sodir etilganligi mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzishdir;
5) xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi;
Umumiy o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarining, shuningdek davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli ta’lim tashkilotini tamomlagan kundan e’tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi ushbu mehnat shartnomasi tuzilgan kundan e’tiboran uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organiga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
Yuqoridagi asoslar mavjud bo‘lganda ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin.
Ohangaron tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti G`. Abduraxmonov