Янгиликлар
O‘zboshimchalik bilan imorat qurishning oqibatlari
O‘zboshimchalik bilan imorat qurishning oqibatlari
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.
Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan e’tirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.
Basharti, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishi mumkin emas.
Ohangaron tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti G`. Abduraxmonov