Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Xodimga to’lanadigan ishdan bo’shatish nafaqasi to’g’risida


Xodimga to’lanadigan ishdan bo’shatish nafaqasi to’g’risida

 

Ishdan bo’shatish nafaqasi bu - xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilinganda xodimning ishdan mahrum bo‘lishi oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshiriladigan, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bir yo‘la beriladigan pulli to‘lovdir.

Ishdan bo‘shatish nafaqasi mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganda to‘lanadi. Bunda xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslar bo‘yicha bekor qilinganligi mustasno. Shuningdek xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi, shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi va tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi munosabati bilan ham mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo’shatish nafaqasi to’lanadi.

Shuningdek, xodim yangi mehnat shartlarida ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan, xodim tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazishni rad etganligi yoxud ish beruvchida tegishli ish bo‘lmaganligi munosabati bilan, xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joydagi ishga ko‘chishni rad etganligi munosabati bilan, xodim tashkilotning mulkdori almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, idoraviy taalluqliligi (bo‘ysunuvi) o‘zgarganligi munosabati bilan ishni davom ettirishni rad etganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ham ishdan bo’shatish nafaqasi to’lanadi.

Kichik maqolamizning asosiy mazmuniga to’xtaladigan bo’lsak, ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori yangi mehnat kodeksi bo’yicha mazkur ish beruvchidagi ish stajiga bog‘liq bo‘lishi belgilab qo’yilgan. Ya’ni ishdan bo’shatish nafaqasi uch yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan, uch yildan besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan, besh yildan o‘n yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining yuz foizidan, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining bir yuz ellik foizidan, o‘n besh yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar uchun — o‘rtacha oylik ish haqining ikki yuz foizidan kam bo‘lishi mumkin emasligi alohida ko’rsatilgan.

Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida xodimlarga ish beruvchining mablag‘lari hisobidan ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lash chog‘ida qo‘shimcha kafolatlar belgilanishi ham mumkin. Misol uchun, ushbu tashkilotga ish beruvchining taklifi bilan ishga kirgan xodimlarning ko‘rsatilgan stajida xodim ilgari mehnat qilgan tashkilotda ishlagan vaqtni hisobga olish yoki ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdoriga ta’sir ko‘rsatadigan ish stajiga xodimlarning muayyan tarmoqdagi yoki muayyan kasbga doir mehnat faoliyati davrlarini kiritish kabilar.

Yana shuni alohida aytib o’tish joizki xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq bo‘lgan asoslarga ko‘ra xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda na mehnat shartnomasi va na jamoa shartnomasi va ichki hujjatlarda xodimlarga ishdan bo‘shatish nafaqalarini, kompensatsiyalarni to‘lash va (yoki) ularga har qanday shaklda biror-bir boshqa to‘lovlarni tayinlash nazarda tutilishi mumkin emas.

 

 

Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti
Aktamova Sitora O’tkir qizi