Янгиликлар
Kimlar farzandi uchun bog‘cha to‘lovidan ozod etiladi
Kimlar farzandi uchun bog‘cha to‘lovidan ozod etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 23 avgustda 2821-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining 2016 yil 23 avgustdagi "MAKTABGACHA TAʼLIM TASHKILOTLARI VA MAKTAB-INTERNATLARDAGI BOLALAR TAʼMINOTIGA HAQ TO‘LASH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA"gi Qaroriga asosan kam taʼminlangan oilalarning va boquvchisini yo‘qotgan ayollarning hamda vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlarini to‘lovlardan ozod qilish belgilangan. Unga ko‘ra maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi (maktab-internatlardagi) bolalar umumiy sonining 15 foizi doirasida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi. Bunda, birinchi navbatda ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam taʼminlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam taʼminlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari, shuningdek vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari kvotadan qatʼi nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinadi.
Bekobod shahar adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti J.Norqo‘ziyev