Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Bayrogʻimiz – faxru gʻururimiz


Bayrogʻimiz – faxru gʻururimiz

 

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 5-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega va davlat ramzlari davlat himoyasidadir” deb belgilangan.

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulugʻ sanaladi. Chunki u xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.

Yaqinda davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinganligiga 32 yil toʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan qonunga 2023-yil 7-iyul kunida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish kiritilib, “Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” gi qonun qabul qilinib, ijroga qaratildi.

         Mazkur qonun bilan davlat bayrogʻidan foydalanilishi mumkin boʻlgan holatlar kengaytirildi, jumladan:

-bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;

-bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;

-xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.

         Shuningdek, Qonun bilan bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi, xususan:

         -bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;

-biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanish;

-stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshash yoki tasvirlash;

-kiyim-kechak, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;

-bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastroʻmol, koʻrpa-toʻshak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;

-bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.

Bundan tashqari, davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan belgilangan talablarga muvofiq foydalanish uchun masʼuliyat bayroqdan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.

Davlat bayrogʻi – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil Oʻzbekiston davlati borligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi — bayroqning butun uzunligi boʻylab oʻtgan toʻq moviy rang, oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻrtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar oʻtkazilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida oʻn ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.

Oq rangli yangi oy va oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning oʻrtasidan 70x30 santimetrga teng toʻgʻri toʻrtburchakka sigʻadigan qilib joylashtirilgan.

Oq rangli yangi oy vertikal holatda doʻng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan boʻlib, diametri 30 santimetrli doiraga sigʻadi.

Oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sigʻadi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning oʻrni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrogʻini yov qoʻliga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qoʻlida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qoʻlidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tugʻini jonidan ortiq asragan Toʻmaris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻnlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrogʻini koʻzga surtish, uni toʻtiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor boʻlish deganidir.

Mustaqil davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.

Bayrogʻimizning balandligi yurtimizning obroʻ-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland koʻtaraylik!

 

 

Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi

Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

Bosh yuriskonsulti                                                   Nazokat Anarqulova.