Янгиликлар
Qanday hollarda xodimning ish haqidan ushlab qolinadi.
Qanday hollarda xodimning ish haqidan ushlab qolinadi.
OʻZbekiston Respublikasining Mehnat kodesining 243-moddasida –“Ish beruvchi tomonidan xodimning malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligiga, miqdoriga, sifati va sharoitlariga qarab toʻlanadigan mehnat uchun mukofot summasi, shuningdek kompensatsiya xususiyatiga ega toʻlovlar (kompensatsiya xususiyatiga ega qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar, shu jumladan normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun shunday qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar hamda kompensatsiya xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar) va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar (ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega qoʻshimcha toʻlovlar hamda ustamalar, mukofotlar va taqdirlovchi toʻlovlar) ish haqidir” deb belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 246-moddasiga koʻra, myehnat haqining miqdori ish beruvchi va xodimning oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanadi. Mehnat haqi xodimning ishlagan davri va bajargan ishi uchun beriladi. Mehnatga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdoridan oz boʻlishi mumkin emas va uning eng koʻp miqdori biron bir tarzda cheklanmay, mehnat haqining shakli (natura va pul koʻrinishida) boʻladi.
Mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, ragʻbatlantirish tarzidagi toʻlovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida, ular ishlayotgan joyda toʻlanadi.
Ish haqi xodimning shaxsiy mablagʻi va uni xodim oʻzi xohishicha tasarruf qilishga haqli. Xodimning ish haqidan ushlab qolish uning yozma roziligi bilan yoki sud qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Boshqa hollarda (masalan, obuna, kommunal toʻlovlar va h.k) xodimning yozma roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish noqonuniydir.
Ish haqi faqatgina qonunda koʻrsatilgan hollardagina xodimning roziligisiz ushlab qolinishi mumkin.
Xodimning mehnat haqidan ushlab qolish uning yozma roziligi bilan yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Xodimning roziligisiz Mehnat kodeksining 269-moddasiga asosan: mehnat haqidan belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish uchun, sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, oldindan berilgan maqsadli pullar boʻyicha hisob-kitob qilish hamda ortiqcha toʻlangan summani qaytarib olish uchun, mehnat taʼtili boʻyicha hisob-kitob qilish uchun, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun va intizomiy jazo tariqasida tayinlangan jarimani undirish uchun ushlab qolinishi mumkin.
Tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffitsiyentlari va ustamalar belgilanadi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 246-moddasida “Mehnatga haq toʻlash miqdori biror-bir eng koʻp miqdor bilan cheklanmaydi” deb belgilab qoʻyilgan.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Nazokat Anarqulova