Янгиликлар
Ayrim jinoyat protsessi qatnashchilariga haq toʻlash tartibi belgilandi.
Ayrim jinoyat protsessi qatnashchilariga haq toʻlash tartibi belgilandi.
Joriy yilning 28-oktyabr kuni 570-sonli Hukumat qarori bilan jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan shaxs boʻlsa, u bilan birgalikda yoki uning oʻrniga ishda ishtirok etishga jalb etilgan qonuniy vakiliga haq toʻlab beriladi.
Jabrlanuvchi bu — jinoyat oqibatida yoxud aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida maʼnaviy, jismoniy yoki mulkiy zarar koʻrgan shaxc. Fuqaroni Jabrlanuvchi deb topish haqida surishtiruvchi, tergovchi va prokuror — qaror, sud esa — ajrim chikaradi. Agar Jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layokatsiz deb topilgan boʻlsa, ishda uning qonuniy vakili ishtirok etadi.
Guvoh (huqukda) bu — muayyan jinoiy yoki fuqarolik ishi uchun ahamiyatli holatlar toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan va guvohlik berish uchun sud yoxud tergov organlariga chakirilgan shaxs.
Ekspert bu- fan va texnika yutuqlaridan jinoiy, fuqarolik, xoʻjalik, maʼmuriy protsessda foydalanishning bir shakli. U ishni toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatli holatlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi. Surishtiruvchi, tergovchi, sudning topshirigʻiga binoan, maxsus bilimlarga ega shaxs (ekspert) oʻziga taqdim etilgan ashyoviy dalillar, voqeaholatlarni tekshiradi. Ekspert tadkiqoti natijalari boʻyicha ekspertning xulosasi tuziladi. -
Masʼul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb etilgan quyidagi shaxslarga haq toʻlab beriladi:
- jabrlanuvchilar va ishga koʻmaklashuvchi shaxslarga:
- ularning doimiy yashash joylaridan tashqaridagi hududlarda oʻtkaziladigan protsessual harakatlarni amalga oshirish joyiga kelib-ketish xarajatlari;
- turarjoy bilan bogʻliq xarajatlari (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi);
- kundalik xarajatlari;
- ekspert, tarjimon, mutaxassisga ishda ishtirok etishda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun, ushbu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
- doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakili, guvohlar va xolislarga ishda ishtirok etishga ularni odatdagi mashgʻulotidan qoldirilganlik (chalgʻitganlik) uchun.
Masʼul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilingan ishga koʻmaklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning turarjoy bilan bogʻliq xarajatlarini bir kunlik qoplash (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi) miqdori BHM 1,5 baravaridan oshmasligi lozim.
Turar joyda yashaganligi boʻyicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan BHM 20 foizi miqdorida qoplanadi.
Turar joy ijarasidan foydalanilganda, davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilgan ijara shartnomasi taqdim etiladi.
Ekspert va mutaxassisga masʼul organlar (mansabdor shaxslar) topshirigʻiga koʻra bajargan ishi uchun soatiga BHM 0,1 koeffitsiyenti miqdorida haq toʻlanadi.
Bir tarjimon tomonidan koʻrsatilgan har bir xizmati uchun alohida toʻlov amalga oshiriladi.
Mazkur qoidalar protsessual majburiyatlarni xizmat topshirigʻi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan ekspert, mutaxassis va tarjimonga oʻz vazifalarini bajarganlik uchun haq toʻlashga hamda xizmat safari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplab berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova