Янгиликлар
Konstitutsiyamizda - Mahalliy davlat hokimiyatidagi oʻzgarishlar.
Konstitutsiyamizda - Mahalliy davlat hokimiyatidagi oʻzgarishlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 2023-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kirdi. Bunga 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan referendum natijasiga koʻra 11 ta moddadan iborat tegishli qonunning qabul qilinishi asos boʻldi.
Bunga qadar 1992-yildan buyon konstititutsiyaga jami 15-marta oʻzgartish kiritilgan edi. Bu safar esa oʻzgarishlar koʻlami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, konstitutsiya 65 foizga yangilandi.
Shulardan konstitutsiyaning XXI bobi “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari” deb nomlanib, unga asosan, mahalliy davlat boshqaruvida vakillik va ijro etuvchi organlar bir-biridan ajratilib, mahalliy kengashlar saylanadigan vakillik organlari, hokimliklar esa ijro organlari deb belgilandi.
Shunga muvofiq, quyidagi sanalardan boshlab, hokimlarning kengashlarda raislik qilishiga -viloyatlarda va Toshkent shahrida 2024-yilgi deputatlik saylovlari yakunlari boʻyicha, tuman va shaharlarda 2026-yil 1-yanvardan boshlab barham beriladi.
Mahalliy kengashlar raislari konstitutsiyaning 120-moddasiga asosan kengash deputatlari orasidan 5 yil muddatga saylangan deputat raislik qilib, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi taqiqlab qoʻyildi.
Jumladan, konstitutsiyaning 121-moddasida tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qilishi hamda hokimlar 5 yil muddatga tayinlanishi, tayinlangan hokimni kengashlar tasdiqlashi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shaharning hokimi etib tayinlanishi mumkin emasligi, kengash raislari ham, hokimlar ham toʻgʻridan toʻgʻri aholi tomonidan saylanmasligi belgilab qoʻyildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 122- moddasida Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari belgilanib;
-mahalliy byudjetni koʻrib chiqish va qabul qilish, uning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
-hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
-hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish va ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish belgilab qoʻyildi.
Bundan tashqari, konstitutsiyaning 123-moddasida viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari:
-konstitutsiya va qonunlarni, parlament palatalarining qarorlarini, prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari kengashlarining qarorlarini bajarish;
-hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
-mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish.
-ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish belgilangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Nazokat Anarqulova.