Янгиликлар
Qomusimizda turar va yashash joy-dahlsizligi.
Qomusimizda turar va yashash joy-dahlsizligi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Rezolyutsiyasi bilan 1948-yil 10-dekabrda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul va eʼlon qilingan boʻlib, ushbu deklaratsiyaning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir” deb belgilab qoʻyilgan.
Inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatimizni anglagan holda, qomusimizning 31-moddasida –“Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega” deb belgilangan.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning 32-moddasida “Qonuniy asoslarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno hamda har kim Oʻzbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistonga toʻsqinliksiz qaytish huquqiga ega”deb belgilangan.
Mazkur norma, nafaqat Oʻzbekiston fuqarolarining, balki Oʻzbekistonda turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning hamda xorijiy fuqarolarning ham Oʻzbekiston hududida erkin harakatlanishini kafolatlaydi.
Bu esa fuqarolarga Oʻzbekistonning hohlagan joyiga borish, sayohat qilish, bilim olish, ishlash, tadbirkorlik qilish imkoniyatini beradi.
Turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi – shaxsga davlat hududi doirasida turar va yashash joyini erkin oʻzgartirish imkonini beruvchi shaxsiy huquq boʻlib, inson shaxsining erkin rivojlanishi uchun muhimdir.
“Turar joy” va “yashash joy” tushunchalari bir-biriga oʻxshash boʻlsada, ular farqlanadi, turar joy – shaxsning vaqtinchalik turar joyi boʻlsa, yashash joyi esa – shaxsning doimiy yashash joyi sifatida tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 9-moddasiga asosan fuqarolarning doimiy yashashiga moʻljallangan, belgilangan sanitariya, yongʻinga qarshi, texnik talablarga javob beradigan, shuningdek belgilangan tartibda maxsus uylar (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolgʻiz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar) sifatida foydalanishga moʻljallangan joylar turar joy deb hisoblanadi. Turar joy koʻchmas mulk hisoblanadi. Turar joylarga shu kodeksning 10-moddasiga koʻra uylar, koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va boshqa imoratlardagi yashash uchun moʻljallangan xonalar va oʻzga turar joylar kiradi.
Fuqarolarni qayd etish — Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi muayyan istiqomat joyida shaxsning doimiy yoki vaqtincha yashab turishi faktini ichki ishlar organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olishdir.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 210-moddasida – “Belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi, davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi va kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ aʼzosi pay badallarini batamom toʻlab boʻlganidan keyin vujudga keladi” deb belgilab qoʻyilgan.
Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari va erkinliklarining dahlsizligi Konstitutsiyamizda kafolatgan. Shu bilan birga asosiy qomusimizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha qoidalari mujassamlashgan.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova