Янгиликлар
Konstitutsiyada ota-ona majburiyatlari
Konstitutsiyada ota-ona majburiyatlari
Inson uchun dunyoda azizlik kasb etgan ulugʻ zot bu Ota-Ona. Biz ana shu baxt ogʻushida hayotga intilamiz.
Kaykovusning “Qobusnoma” sida: “Ey farzand, bilgʻilkim, aql yuzasidin farzandgʻa ota-onani izzat va hurmat qilish vojibdir, nedinkim, uning asli ota va onadur. Ota-ona farmonbardordur. Bu farmonbardorlikda ham ish boʻlgʻay va ham farmon boʻlgʻay. Ota-onaning ishi seni parvarish qilmoqdur va farmoni senga yaxshilik oʻrgatmoqdur. Ey farzand, shul vajdin ota-onangni sagʻal ham ranjitmagʻil” degan satrlar mavjud.
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, oʻz ota-onasini bilish, ota-onasining gʻamxoʻrligidan foydalanish va ota-onasi bilan birga yashash, bola oʻz ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, oʻz manfaatlari taʼminlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqlariga ega.
Bolaning ota-onasi boʻlmaganda yoki bola ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda, uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan taʼminlanadi.
Mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilishning takomillashgan, qonuniy asoslariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila, Mehnat, Fuqarolik Kodekslari hamda “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonunlariga amal qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 77-moddasida –“Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar” deb belgilab qoʻyilgan boʻlsada, ayrim ota-onalar oʻzlarining burch va majburiyatlarini, masʼuliyatlarini unutib qoʻyishganliklari afsuski, haqiqat.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oila” kodeksining 79- moddasiga asosan Ota-onadan biri quyidagi hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin
-ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment toʻlashdan boʻyin tovlasa;
-uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
-ota-onalik huquqini suisteʼmol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlsa;
-muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsa;
-oʻz bolalarining hayoti yoki sogʻligʻiga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sogʻligʻiga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan boʻlsa.
Shuningdek, ushbu kodeksning 80-moddasida Ota-onalik huquqidan mahrum qilish tartibi belgilangan boʻlib, Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlar ota (ona)ning (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) daʼvosiga binoan koʻriladi.
Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishda bolaning taʼminoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ularning biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.
Agar sud ota-ona ham, bolani oʻz qaramogʻiga olgan shaxs ham bolaga lozim darajada tarbiya berishni hamda uni kamolotga yetkazishni taʼminlay olmaydilar, deb topsa, bolani vasiylik va homiylik organi qaramogʻiga olib beradi.
Bundan tashqari, kodeksimizning 82-moddasida Ota-onalik huquqini tiklash tartibi belgilangan boʻlib, ular:
-Ota-ona (ulardan biri) oʻz xulq-atvorini, turmush tarzini va (yoki) bola tarbiyasiga boʻlgan munosabatini oʻzgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.
-Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) daʼvosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi.
-Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash toʻgʻrisidagi daʼvosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish toʻgʻrisidagi talabi ham koʻrib chiqilishi mumkin.
-10 yoshga toʻlgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
-Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan boʻlsa, ota-onalik huquqini tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Nazokat Anarqulova