Янгиликлар
Inson shaʼni va qadr-qimmati ulugʻlangan yurt.
Inson shaʼni va qadr-qimmati ulugʻlangan yurt.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan soʻng Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga qoʻshildi, mazkur deklaratsiya qoidalari Konstitutsiyamiz, insonning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarining ishonchli himoya qilinishini taʼminlaydigan milliy qonunchilik meʼyorlarida oʻz ifodasini topgan.
Bosh qomusimizda Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, shunga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab amalga oshirishi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, 1958-yil 25-iyunida Jenevada “Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish toʻgʻrisida” Konvensiya qabul qilingan boʻlib, Oʻzbekiston ushbu konvensiyaga 1992-yil 13-iyulida aʼzo boʻlib, 1997-yil 30-avgustida Oliy Majlis qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
Mazkur Konvensiyada belgilanishicha kamsitish - irq, tana rangi, jins, din, siyosiy qarashlar, milliy mansublik yoki ijtimoiy kelib chiqish belgilari asosidagi, mehnat yoki ish turlari sohasidagi muomala yoki imkoniyatlar tengligining yoʻqolishiga yoki putur yetkazilishiga olib keluvchi har qanday farqlash, yoʻl qoʻymaslik yoki ustun qoʻyishdir.
Shundan kelib chiqib, yangilangan Konstitutsiya “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratib, 26-moddasida “Insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas” deb qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Xuddi shuningdek, “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” va “Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar oʻtkazilishi mumkin emas” deb belgilab qoʻyilgan boʻlsa, Jinoyat protsessual kodeksining 17-moddasida - Shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish kiritilib, unda -Sudya, prokuror, tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart va hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi hamda inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va maʼnaviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanishi qatʼiy belgilangan.
Bundan tashqari, “Sudlar toʻgʻrisida” gi qonunning 16-moddasi - Aybsizlik prezumpsiyasida “Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmagunga qadar, aybsiz hisoblanmasligi, hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emas va hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas” deb belgilangan
Shuningdek, amaldagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Inson shaʼni – bu insonning boshqa odamlar oldida oʻz ahamiyatini anglashi yoki insonning maʼnaviy obroʻsini, inson qadr-qimmati – bu shaxsning oʻzini oʻzi hurmat qilishi, jamiyat aʼzosi sifatida oʻz mavqei va ahamiyatini anglashini hamda har qanday holatda ham hech bir shaxs qiynoqqa solinishi va boshqa gʻayriinsoniy taʼsirlarga duchor etilishi mumkin emasligini taqiqlagan.
Shunga koʻra, davlat organlari, mansabdor shaxslar, ayniqsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻz faoliyatida har qanday holatda ham inson shaʼni, or-nomusi, va qadr-qimmatiga dahl qilmasligi, kamsitmasligi, aksincha ularga insoniy munosabatda boʻlishlari lozim.
Xulosa qilib aytganda, inson huquq va erkinliklarini, uning qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar pirovardida ezgu maqsadga — inson manfaatlariga xizmat qiladi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Nazokat Anarqulova