Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Endilikda kollej va texnikumlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi. Ayol – bu borliq timsoli emas, borliqning oʻzidir!


Endilikda kollej va texnikumlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlarga davlat granti ajratiladi.

Ayol – bu borliq timsoli emas, borliqning oʻzidir!

Ayol goʻzallik va nafosat, mehr-muxabbat ramzidir. Sharqda ayolni farishtaga qiyos qilishadi. Chunki farishtalar Allox taola yaratgan eng pok, eng begunox zotlardir. Xalqimizning buyuk tarixida oʻzining jasorat va matonati, aql-zakovati, nafosat va nazokati bilan oʻchmas nom qoldirgan Toʻmaris, Bibixonim, Gulbadanbegim, Zebuniso, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin va boshqa yuzlab ayollarimizni xamisha extirom bilan tilga olamiz. Ulugʻ momolarimizga xos oliyjanob fazilatlar bugun xam muhtaram ayollarimiz siymosida davom etib kelmoqda. Bugungi kunda u rahbar, u siyosatchi, u tadbirkor va albatta mehribon ona.

Shunday ekan, Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni taʼminlash borasida izchil ishlar amalga oshirilib kelinishi bir qatorda, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish hamda Muhtaram Prezidentimizning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 29-sentyabrida “Kollej va texnikumlarda kasb (mutaxassislik) egallash istagida boʻlgan xotin-qizlarni yanada qoʻllab-quvvatlash chora tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qilinib, mazkur qaror bilan “Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kasb (mutaxassislik) boʻyicha taʼlim olayotgan xotin-qizlarning toʻliq davlat granti asosida taʼlim olish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom qabul qilindi.

Ushbu Nizom bilan kollej va texnikumlarga qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi (keyingi oʻrinlarda — tegishli yoʻnalishlar) kasb (mutaxassislik) boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlarni davlat granti asosida oʻqitish tartibi hamda kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablagʻlari respublika byudjetidan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarga (keyingi oʻrinlarda — vazirlik va idoralar) ajratilishi belgilandi.

Shu bilan birgalikda Davlat granti asosida kasb (mutaxassislik) egallash istagida boʻlgan xotin-qizlarni aniqlash sxemasi ishlab chiqilib, unga koʻra;

-Kollej va texnikumlarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan xotin-qizlar oʻquv yilining 10-oktyabriga qadar ushbu kollej yoki texnikum direktori nomiga davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qiladi.

-Arizalar taalluqliligi boʻyicha kollej va texnikumlar tomonidan 3 ish kunida koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda, hududlardagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga taqdim etiladi.

-Hududiy boʻlinmalar har yili 15-oktyabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi.

-Vazirlik har yili 20-oktyabrgacha umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida davlat granti asosida oʻqish uchun ariza bilan murojaat qilgan xotin-qizlar roʻyxatini taalluqliligi boʻyicha tizimida kollej va texnikumlar boʻlgan vazirlik va idoralarga taqdim etadi.

-Vazirlik va idoralar mazkur roʻyxat asosida xotin-qizlarning davlat granti asosida taʼlim olishlari uchun zarur mablagʻ ajratish yuzasidan har yili 25-oktyabrgacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga murojaat qiladi.

-Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida tegishli mablagʻlarni mazkur vazirlik va idoralarga ajratadi.

Bundan tashqari, kollej va texnikumlar direktorlari 2023/2024 oʻquv yilidan davlat granti asosida taʼlim oladigan xotin-qizlar uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ushbu qarorning qabul qilinishiga sabab, bugungi kunda ming afsuski, oilada va jamiyatda zoʻravonlikka uchrab kelayotgan xotin-qizlarning koʻpchiligi, hayotda oʻz kasbiga ega boʻlmagan, oʻqimagan ayollar boʻlib qolmoqda.

Endilikda, oʻqib taʼlim olish hamda oʻzi qiziqqan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishni istagan har bir xotin-qiz taʼlim olib oʻz kelajagini qurish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shuningdek, boʻlgʻusi onalarimizning bilimli va dunyoqarashi keng shaxs sifatida tarbiyalanishi, bizning buyuk xalq boʻlib shakllanishimizda, Oʻzbekiston oʻz oldiga maqsad qilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, ertangi kunimizning egalari boʻlgan yoshlarni har tomonlama yetuk boʻlib tarbiyalanishida onalarimizning oʻrni beqiyos.

         Muxtasar qilib aytganda, jamiyatda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik yaqin kelajakda oʻz natijasini koʻrsatadi.

Sababi, ayol rahbar va kadrlar nafaqat oʻzlari kabi minglab onalar, opa-singillar dardini tinglab muammolarini hal qilishi, shu bilan birga, ular jamiyatdagi hech bir adolatsizlikka befarq qarab tura olmaydi. Ularning tizimli qoʻllab-quvvatlanishi esa, oilalarimiz farovonligi, jamiyatimiz taraqqiyoti va yurtimiz ravnaqi yoʻlida muhim qadam hisoblanadi.

 

         Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi

         Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

         Bosh yuriskonsulti                                                        Nazokat Anarqulova.