Янгиликлар
ISH HAQINI NATURA SHAKLIDA TOʻLASH TARTIBI BELGILANDI
ISH HAQINI NATURA SHAKLIDA TOʻLASH TARTIBI BELGILANDI
Hozirgi vaqtda ish haqi xodimlarni mehnatga va uning yakuniy natijalari uchun taqdirlash sifatida paydo boʻlgan ish kuchi bahosining pul shakli ifodasi tarzida belgilanmoqda. Mehnat bozoriga nazar tashlaydigan boʻlsak, ish kuchining sotuvchisi (mehnat qiluvchi) va ish kuchini sotib oluvchi (ish beruvchi) u yerda munosabatga kirishadi va ish kuchining bahosini belgilashadi, keyinchalik bu baho mehnat shartnomasida mustahkamlanadi.
Mehnat haqining miqdori ish beruvchi va xodimning oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanib, myehnatga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdoridan oz boʻlishi mumkin emas va uning eng koʻp miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi.
Shuningdek, myehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, ragʻbatlantirish tarzidagi toʻlovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida toʻlanib, xodimlarga ular ishlayotgan joyda toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 256-moddasida ish haqi milliy valyutada (soʻmda) toʻlanishi hamda mehnatga natura shaklida haq toʻlash taqiqlanganligi, 269-moddasida esa umumiy qoidaga koʻra xodimning yozma roziligi bilan ish haqidan ushlab qolinishi mumkinligi nazarda tutilganligi, shuningdek, xodimning yozma roziligidan qatʼi nazar, ish haqidan ushlab qolish hollari belgilanganligi hamda 270-moddasiga muvofiq har bir toʻlov chogʻida ish haqidan ushlab qolingan mablagʻlarning umumiy summasi xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining ellik foizidan oshishi mumkin emasligi, bunda aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ushlab qolish, shuningdek, axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining yetmish foizidan oshishi mumkin emasligi nazarda tutilganligini inobatga olib, joriy yilning 13-iyul kunida “Ish haqini natura shaklida toʻlashni tartibga solish toʻgʻrisida” gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga binoan, mehnatga natura shaklida haq toʻlanishi xodimning yozma roziligiga asosan xodim yoki uning oilasi isteʼmoli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish, oʻziga xizmat koʻrsatilishi va uy xoʻjaligini yuritishda koʻmaklashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan uy xizmatchilariga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan taʼminlash shaklida hisob-kitob qilish mumkin.
Shuningdek, ish haqini natura shaklida toʻlash sharti xodimning roziligi asosida u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida koʻrsatiladi. Qarorga koʻra, ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Qaror bilan xodimning yozma roziligidan qatʼi nazar uning ish haqidan 50 foizgacha miqdorda ushlab qolinsa – xodimga natura shaklida toʻlanadigan ish haqining umumiy summasi 10 foizdan ortiq boʻlishi mumkin emasdigi, 50 foizdan ortiq miqdorda ushlab qolinsa – xodimga ish haqini natura shaklida toʻlash taqiqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, ish haqini natura shaklida toʻlashda -xodimning oylik mehnat haqi qonunchilikda Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadi boʻyicha belgilangan miqdordan oz boʻlganda, ish haqini natura shaklida toʻlash, qishloq xoʻjaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash va alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, kannabis oʻsimligi hamda qonunchilikda realizatsiya qilish (berish) taqiqlangan oʻsimlik va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish hamda uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqatlar narxini va uy-joydan vaqtincha foydalanganlik uchun toʻlovlar miqdorini haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda belgilash taqiqlanadi.
Amaldagi qonunchiligimizga binoan ish haqini taqiqlangan shakllarda toʻlaganlik uchun mansabdor shaxslarga maʼmuriy jarima belgilangan boʻlsa, mehnatga haq toʻlash muddatlari har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas.
Qoida tariqasida har oyning 15 sanasida avans toʻlovi, keyingi oyning 5 sanasigacha oylik maosh beriladi.
Roʻziyeva Sharofat
Yangiyoʻl shahar Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi