Янгиликлар
MUROJAATLARNI BERISH VA ULARNI KOʻRIB CHIQISH TARTIBI QANDAY?
MUROJAATLARNI BERISH VA ULARNI KOʻRIB CHIQISH TARTIBI QANDAY?
21-modda. Murojaatlarni berish tartibi
Murojaatlar ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻz vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni oʻz vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Murojaatga u boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek uni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi boʻyicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.
Murojaat pochta aloqa vositasi orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi. Konvertda murojaat mavjud boʻlmasa yoki u shikastlangan boʻlsa, shuningdek murojaatda koʻrsatilgan ilovalar mavjud boʻlmasa, dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaat etuvchiga konvertda koʻrsatilgan manzil boʻyicha yuboriladi.
24-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
Davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Davlat organiga, tashkilotga kelib tushgan murojaatlar boʻysunuv tartibida quyi turuvchi boʻlinmalarga ham yuborilishi mumkin.
Agar murojaatda davlat organlari, tashkilotlarning bir nechta tarkibiy boʻlinmalariga taalluqli masalalar mavjud boʻlsa, ularning barchasi murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar oʻrtasida birinchi koʻrsatilgan tarkibiy boʻlinma murojaatning koʻrib chiqilishini boshqa tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda taʻminlaydi.
Murojaatni toʻliq, xolisona va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha maʻlumotlar, maʻlumotnomalar va materiallarga zarurat paydo boʻlgan taqdirda, mazkur murojaatni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʻlumotlarni oʻz ichiga olgan boʻlmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar oʻzlaridan soʻralayotgan axborotni oʻn kun ichida taqdim etishi shart.
Murojaatlarni koʻrib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning oʻziga borib koʻrib chiqilishini taʻminlashi mumkin.
Agar murojaatda qoʻyilgan masalalar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor boʻlsa, ularning vakillari murojaatlarni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni koʻrib chiqishda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Abdulaziz Kazimbayev
Yangiyoʻl shahar Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti