Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

23

MEHNAT SHARTNOMASI TARAFLAR IXTIYORIGA BOGʻLIQ BOʻLMAGAN HOLATLAR BOʻYICHA BEKOR QILINISHINI TUSHUNTIRIB BERING.


MEHNAT SHARTNOMASI TARAFLAR IXTIYORIGA BOGʻLIQ BOʻLMAGAN HOLATLAR BOʻYICHA BEKOR QILINISHINI TUSHUNTIRIB BERING.

 

168-modda. Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra bekor qilish

Mehnat shartnomasini taraflarning xohish-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:

1) xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilganligi;

2) shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning avvalgi ishga tiklanganligi;

3) xodim sudning qaysi hukmi bilan avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga hukm qilingan boʻlsa, oʻsha sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi, shuningdek sudning qaroriga binoan xodimning ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yuborilganligi;

4) ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilganligi, agar yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni bartaraf etish imkoni boʻlmasa va u ishni davom ettirishga toʻsqinlik qilsa;

5) qonunchilikka muvofiq mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar yuzaga kelganligi (xodimning belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq qobiliyatsiz deb eʻtirof etilganligi, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish huquqi bekor qilinganligi, agar bajarilayotgan ish shunday foydalanish huquqini talab qilsa, muayyan ishni bajarishga doir ruxsatnomadan yoki litsenziyadan mahrum etilganligi va boshqalar);

6) tashkilotni tugatish yoki ish beruvchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi;

7) xodimni ishga tiklash haqidagi sud qarori bekor qilinganligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining qarori bekor qilinganligi (qonunga xilof deb eʻtirof etilganligi);

8) xodim vafot etganligi, shuningdek sud tomonidan xodimning bedarak yoʻqolgan deb eʻtirof etilganligi yoki vafot etgan deb eʻlon qilinganligi;

9) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy asosda ishlagan Senat aʻzosining vakolatlari muddati tugaganligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tarqatib yuborilganligi munosabati bilan avvalgi lavozimiga (ishiga) qaytganligi;

10) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollar.

Mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilingan deb hisoblanadi:

jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi vafot etganda, shuningdek jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi sud tomonidan vafot etgan yoki bedarak yoʻqolgan deb eʻtirof etilganda;

xodim yoki jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʻtirof etilganda, agar bu jismoniy shaxsning ish beruvchining vazifalarini bajarish, xodimning esa avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan boʻlsa.

Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismining 6-bandida nazarda tutilgan asos boʻyicha xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida kamida ikki oy oldin yozma ravishda (imzo qoʻydirib) ogohlantirishi yoki xodimga ogohlantirish muddatining davomiyligiga mos keladigan pul kompensatsiyasini toʻlashi shart.

Agar xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish mumkin boʻlmasa, mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 2 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi.

Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrilgan, lekin xodim bunday oʻtkazishni rad etgan boʻlsa, ishga qabul qilishning belgilangan qoidalari xodimning aybisiz buzilgan hollarda mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi.

Agar ish beruvchi tomonidan xodimning yozma roziligi bilan uni ish beruvchida mavjud boʻlgan boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha choralar koʻrilgan, lekin xodim bunday oʻtkazishni rad etgan boʻlsa, mehnatga oid munosabatlarni davom ettirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar xodimning aybisiz yuzaga kelgan hollarda (bundan xodimni tibbiy xulosaga muvofiq mehnat faoliyatiga toʻliq layoqatsiz deb eʻtirof etish mustasno) mehnat shartnomasini ushbu modda birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi.

 

 

Abdulaziz Kazimbayev

Yangiyoʻl shahar Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti