Янгиликлар
SHAXSLARNI ISHSIZ DEB EʻTIROF ETISH SHARTLARI
SHAXSLARNI ISHSIZ DEB EʻTIROF ETISH SHARTLARI
44-modda. Shaxslarni ishsiz deb eʻtirof etish shartlari
Oʻn olti yoshdan to pensiya taʻminoti huquqini olish yoshigacha boʻlgan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor boʻlgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan oʻtishga yoki malakasini oshirishga tayyor boʻlgan, ishga joylashishda koʻmak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxslar sifatida roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (bundan taʻlim muassasalarida taʻlim olayotganlar mustasno) ishsizlar deb eʻtirof etiladi.
Ishsiz deb eʻtirof etilgan shaxs qabul qilingan qaror toʻgʻrisida mazkur qaror qabul qilinganidan keyin ikki kunlik muddatdan kechiktirmay yozma ravishda yoki telefon, elektron pochta orqali xabardor qilinadi. Bunda ishsiz deb eʻtirof etilgan shaxsga uning huquq va majburiyatlari, mahalliy mehnat organiga yoki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish boʻyicha sektorga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga biriktirilgan xodim huzuriga qayta roʻyxatdan oʻtish uchun majburiy kelish sanasi, ishsizlik nafaqasini olish shartlari va joyi, shuningdek ishsiz shaxs uchun zarur boʻlgan boshqa axborot xabar qilinadi.
Shaxsni ishsiz deb eʻtirof etish chogʻida mehnat daftarchasiga yozuv qayd etilmaydi.
Ishsiz deb eʻtirof etilgan shaxslar bepul maslahat olish, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish xizmatlarini olish, shuningdek mahalliy mehnat organlari koʻmagida ishga joylashish huquqiga ega.
Muzallamov Muhiddin
Yangiyoʻl shahar Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti