Янгиликлар
MAʻNAVIY ZARARNI QOPLASH TARTIBI QANDAY?
MAʻNAVIY ZARARNI QOPLASH TARTIBI QANDAY?
1021-modda. Umumiy qoidalar
Maʻnaviy zarar uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Maʻnaviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qatʻi nazar, quyidagi hollarda qoplanadi, agar:
zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa;
zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof tarzda qoʻllanish, qonunga xilof tarzda maʻmuriy jazo qoʻllanish va qonunga xilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash natijasida yetkazilgan boʻlsa;
zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ-eʻtiborini haqoratlovchi maʻlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
1022-modda. Maʻnaviy zararni qoplash usuli va miqdori
Maʻnaviy zarar pul bilan qoplanadi.
Maʻnaviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va maʻnaviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon toʻlashga asos boʻlgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari eʻtiborga olinishi lozim.
Jismoniy va maʻnaviy azoblarning xususiyati maʻnaviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.
Maʻnaviy zarar toʻlanishi lozim boʻlgan mulkiy zarardan qatʻi nazar qoplanadi.
Qoʻshimcha maʻlumot uchun qarang: Oliy Sud Plenumining 2000-yil 28-apreldagi 7-son “Maʻnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorida
Maʻnaviy zararni qoplash masalalari bir qator qonun hujjatlari, xususan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 112-moddasi, 1996-yil 26-apreldagi “Isteʻmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasi, 2014-yil 6-maydagi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 113-moddasi, 2012-yil 2-maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 11, 99, 100, 163, 1021 va 1022-moddalari, 1998-yil 29-avgustdagi “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasi va boshqa qator qonunlar bilan tartibga solinishiga eʻtibor qaratilsin.
Muzallamov Muhiddin
Yangiyoʻl shahar Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti