Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

14

Davlat daromadiga olingan mol-mulklar “E-auksion shop” orqali sotiladi


Davlat daromadiga olingan mol-mulklar “E-auksion shop” orqali sotiladi

Hukumat qarori (526-son, 04.10.2023-y.) bilan “Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi

 Nizom bilan davlat daromadiga olingan mol-mulklarni (oziq-ovqat mahsulotlari, avtomototransport, koʻchmas mulk va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa mulkiy huquqlar bundan mustasno) soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo doʻkoni orqali sotish tartibi belgilandi.

 Savdoda ishtirok etish uchun buyurtmachi (Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan tanlab olingan savdo tashkilotlari hamda “Bojxona-servis” davlat muassasasi yoki uning hududiy boʻlimlari) va ishtirokchi savdo platformasida roʻyxatdan oʻtadi.

 Savdoda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi va tegishli miqdordagi mablagʻ operatorning (elektron doʻkonda elektron onlayn-savdoni tashkil etish va oʻtkazishga vakolatli boʻlgan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ) bank hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

 Buyurtmachi operator bilan elektron doʻkonda savdolar oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzadi.

 Savdo xabarnoma elektron doʻkonda eʼlon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar oʻtkaziladi.

 Ishtirokchilarning savdoda ishtirok etish boʻyicha arizalari elektron doʻkonda xabarnoma joylashtirilgan kundan savdo yakunlangunga qadar avtomatik tarzda qabul qilinadi.

 Savdo qadami:

 birinchi toʻrtta qadamda - savdo obyekti boshlangʻich narxining 5 foizi miqdorida;

 beshinchi va undan keyingi qadamlarda - savdo obyekti boshlangʻich narxining 3 foizi miqdorida belgilanadi.

 Boshlangʻich narxi xabarnoma joylashtirish paytida BHMning ikki ming baravaridan yuqori boʻlgan savdo obyekti realizatsiya qilingan taqdirda, savdoning barcha qadami, savdo obyekti boshlangʻich narxining 2 foizi miqdorida belgilanadi.

 Dastlabki savdo oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan 30 kalendar kun davomida savdo obyekti sotilmasa, avtomatik tarzda savdo obyekti buyurtmachiga qaytariladi.

Savdo obyekti dastlabki savdo oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan 2 oy mobaynida sotilmagan taqdirda, buyurtmachi Byuro bilan kelishilgan holda savdo obyektining boshlangʻich narxini bosqichma-bosqich, lekin boshlangʻich narxining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorgacha pasaytirgan holda takroriy savdolarni tashkil etishi mumkin.

 

Chinoz tumani adliya boʻlimi YUXKM

Bosh yuriskonsulti

A.Teshaboyev