Янгиликлар
Konstitutsiya bu — xalq soʻzidir!
Konstitutsiya bu — xalq soʻzidir!
Yangi Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasi mamlakatimizning yangi bir rivojlanish davrini boshlab berdi. Qolaversa, Bosh qomusimiz Uchinchi Renessansning poydevori, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu, albatta, barchamizdan juda katta masʼuliyat va talabchanlikni, oʻz oʻrnida, javobgarlikni talab qiladi. Amaldagi Qomusimizda belgilangan asosiy qoidalar, normalar xalqchilligi bilan eʼtiborli boʻlib, joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan referendum xalqimizning yakdilligini, birdamligini, qolaversa, maqsadlarimiz mushtarakligini ifodalovchi juda muhim ahamiyatga ega siyosiy voqelik boʻldi. Referendum natijalari xalqimiz Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini koʻrsatdi. Yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat deb eʼlon qilda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar uch baravar ortdi.
Bugungi kunda amaldagi Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri ilm-fanni, taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor berilib, taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki baravar koʻpaydi.
Konstitutsiyamizda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi konstitutsiyaviy kafolatlanayotganligi taraqqiyotimizning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning 50-moddasida – “Har kim taʼlim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi, davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi hamda davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir va Maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratidadir, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi” deb belgilangan.
Shuningdek, Konstitutsiyamizning 51-moddasida – “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli va Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega” deb belgilab qoʻyilgan boʻlsa, 52-moddasida-“Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi va davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi” deb qatʼiy belgilangan.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Nazokat Anarqulova