Янгиликлар
Konstitutsiyamizda advokaturaning maqomi belgilandi.
Konstitutsiyani oʻrganamiz!
Konstitutsiyamizda advokaturaning maqomi belgilandi.
Bugungi kunda amaldagi Konstitutsiyamizda advokaturaning maqomi yanada mustahkamlanib, “Advokatura” nomli 24-bob bilan toʻldirildi.
Advokatura sohasining prokuratura singari Konstitutsiyada alohida bobda berilishi advokatlarning protsessual shaxslar orasida konstitutsiyaviy maqomini oshirdi.
Advokaturaning faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish tamoyillariga asoslanishi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bunda, advokatura faoliyatining qonuniyligi, deganda advokatlik faoliyati faqat qonunga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida»gi qonunining 5-moddasida, advokatning mustaqilligi unga qonunda belgilangan tartibda advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijozat berish, bu faoliyatni toʻxtatib turish va tugatish, advokatning daxlsizligi, advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish, advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoxud advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik, davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi hamda ijtimoiy himoyalanishi orqali taʼminlanishi belgilangan.
Konstitutsiyamizning 142-moddasiga asosan, advokat oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokatga oʻz himoyasidagi shaxs bilan toʻsiqlarsiz va holi uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar taʼminlanadi. Advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida boʻladi va qonun bilan muhofaza qilinadi. Advokatning kasbiy faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kuchli advokatura tizimini yaratishning asosiy omili boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur qoida “Hyech bir idora advokatlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi shart”, degan bu norma sud protsessida advokat prokuror bilan tengma-teng munozaraga kirishishini taʼminlaydi. Ish boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etish faoliyatiga aralashmaslik natijasida advokaturaning huquqiy holati mustahkamlanadi.
Advokatlik faoliyatidagi erkinlik va kafolat ularning ishini yengillashtiradi, advokat himoya qilayotgan shaxsning qonuniy huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlaydi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova