Янгиликлар
Davlat o`qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish to`g`risida g`amxo`rlik qiladi
Davlat o`qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish to`g`risida g`amxo`rlik qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi.
Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.”
Maktab va ta’lim muassasalari masalalari yuzasidan joriy yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ushbu so‘zlarni ta’kidladi: “Eng muhimi, maktablarimizda yangicha ruh, mazmun va muhit paydo bo‘ldi. Bunda, hech shubhasiz, bolalar qalbining me’mori, muhandisi bo‘lgan hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar uchun erkin ishlash imkoniyatini yaratib berganimiz muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki o‘qituvchiga e’tibor bu – avvalo farzandlarimizga, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, degani. O‘qituvchining obro‘si oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilmning, ta’lim-tarbiyaning qadri ko‘tariladi. Shu sababli, muallim va o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz”.
Barqaror kelajak uchun o‘qituvchining farovonligi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajak innovatsiyalar va o‘zgarishlarga moslashishni talab qiladi. Buni amalga oshirish uchun esa muallimlarga kerakli barcha imkoniyatlar yaratib berilishi shart. Ish va hayot muvozanatini yo‘lga qo‘yish zarur.
Moslashuvchan jadvallar, tez o‘rganish va yetkazish uchun sharoitlar, har xil byurokratik ishlarning kamayishi o‘qituvchilarga o‘z oilalari bilan vaqt o‘tkazish va shaxsiy hayotiga e’tibor qaratish imkonini beradi. Bu, albatta, sifatli ta’limga qo‘yilgan katta qadamdir. Sifatli ta’lim esa BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi yuqori darajaga ko‘tarishga bevosita bog‘liq. Buning uchun jamiyatda o‘qituvchilarning qadrini, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yanada yuksaltirish talab etiladi. Zero, ustozlarga e’tibor – kelajak avlodga e’tibor demakdir.
O`rta Chirchiq tumani
Adliya bo`limi, Yuridik xizmat ko`rsatish
markazi Bosh yuriskonsulti A. Sh. Ochilboyev