Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

13

Maktabda “Chaqiriqqa qadar boshlang`ich tayyorgarlik” fani o`qituvchilari uchun yangilangan talablar


Maktabda “Chaqiriqqa qadar boshlang`ich tayyorgarlik” fani o`qituvchilari uchun yangilangan talablar

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-noyabrdagi 591-son qaroriga ilova tariqasida Ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni tashkil etish tartibi to‘g‘risida Nizom qabul qilindi. Mazkur Nizom umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasalari) chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlikni (keyingi o‘rinlarda — ChQBT) tashkil etish tartibini belgilaydi.

ChQBT jarayonida o‘quvchilar:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuni, mamlakat mudofaa va milliy xavfsizligini ta’minlash, fuqaro muhofazasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarining asosiy talablarini o‘rganadi;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining (keyingi o‘rinlarda — Qurolli Kuchlar) asosiy vazifalari hamda Qurolli Kuchlarning umumharbiy nizomlari talablarini, harbiy xizmat va Vatanga qasamyodning ahamiyatini anglab yetadi;

favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ommaviy qirg‘in qurolidan himoyalanish ko‘nikmalarini amaliy o‘zlashtirib oladi;

mamlakat Qurolli Kuchlarida mavjud qurol-aslaha, harbiy texnikaning asosiy taktik-texnik tavsiflari, harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti va xizmat faoliyati, mavjud oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda ularda tayyorlanayotgan mutaxassisliklar to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘ladi;

harbiy xizmatga chaqirilishga ruhan va jismonan, shuningdek, intellektual jihatdan shay bo‘ladi;

ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaviy ishlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetadi va yetkazilgan ma’lumotlarni o‘zlashtiradi.

ChQBT fani o‘qituvchisining huquq va imtiyozlari etib quyidagilar belgilandi:

ChQBT fani o‘qituvchisi lavozimiga ko‘ra ta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosariga tenglashtiriladi. Ta’lim muassasasida ushbu fan o‘qituvchilari soni shtat bo‘yicha ikki nafar bo‘lgan taqdirda, ulardan ish staji va tajribasi ko‘p bo‘lgan ChQBT o‘qituvchisi lavozimi bo‘yicha direktor o‘rinbosari hisoblanadi.

Malakaviy attestatsiya xulosasiga ko‘ra malaka toifasi berilgan ChQBT fani o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlari umumta’lim muassasalarida — mos keluvchi malaka toifasiga ega bo‘lgan fan o‘qituvchilarining, o‘rta maxsus hamda boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarida — tegishlicha katta (yetakchi, bosh) o‘qituvchilarning bazaviy lavozim maoshiga tenglashtiriladi.

ChQBT fani o‘qituvchisining pedagogik ish stajiga Qurolli Kuchlar tizimlarida o‘tagan haqiqiy harbiy xizmat muddati qo‘shiladi.

ChQBT fani o‘qituvchilariga respublika ta’lim muassasalarida boshqa fan o‘qituvchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, rezervdagi (zaxiradagi) ofitser yoki serjant unvoniga ega bo‘lgan ChQBT fani o‘qituvchilariga o‘z harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha amaldagi harbiy formali kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarni taqib yurish huquqi beriladi.

ChQBT fani o‘qituvchilarini tanlash va lavozimga tayinlash uchun talablar:

ChQBT fani o‘qituvchisi tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi tavsiyasiga ko‘ra ta’lim muassasasi direktori tomonidan ishga qabul qilinadi va ishdan bo‘shatiladi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar tizimidagi ta’lim muassasalari bundan mustasno. Ishga qabul qilinayotgan nomzodning ma’lumoti, harbiy, jismoniy va pedagogik tayyorgarligining saviyasi, shuningdek, tashkilotchilik qobiliyati hamda uslubiy ko‘nikmalari puxta shakllanganligi hisobga olinadi.

ChQBT fani o‘qituvchisi lavozimiga 60 yoshdan oshmagan oliy ta’lim muassasalarining harbiy ta’lim fakultetlarini tamomlagan va zaxiradagi (rezervdagi) ofitser unvoniga ega bo‘lgan pedagoglar, shuningdek, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan tajribali ofitserlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan serjantlar tayinlanadi, harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlar sodir etganligi natijasida harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar bundan mustasno.

Ta’lim muassasalarida ChQBT fani o‘quv dasturidagi tibbiy bilim asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tishga tajribali tibbiyot xodimlari yoki Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv markazida tayyorgarlikdan o‘tgan o‘qituvchilarning jalb etilishi tizimida ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etiladi.

 

O`rta Chirchiq tumani Adliya bo`limi

Yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuriskonsulti                                                                A. Sh. Ochilboyev