Янгиликлар
O‘qituvchi jurnalga bahoni noto‘g‘ri ko‘chirgani uchun jazo bormi?
O‘qituvchi jurnalga bahoni noto‘g‘ri ko‘chirgani uchun jazo bormi?
Xalq ta'limi vazirligining 01.07.2021-yil 206-sonli buyrug‘ida o‘qituvchining o‘quvchilar bilimini xolis baholash majburiyati qayd etilgan. Bundan tashqari, Xalq ta'limi vazirining 2021-yil “6” sentabrdagi 284-son buyrug‘iga 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatida avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan ishlash va arxivlashtirish tartibi haqidagi Nizomga muvofiq o‘qituvchilar o‘quvchilarning olgan baholarini elektron jurnalga qo‘yishiga oid masalalar ham mavjud. Ammo, o‘qituvchi chaklashlik, adashish yoki texnik xatolik tufayli jurnalga bahoni xato kiritgan bo‘lishi mumkinku. Buning uchun zudlik bilan o‘qituvchini jazolash shartmi?
➖ Mehnat qonunchiligi bo‘yicha ish beruvchi mehnat intizomini buzgan xodimlarga intizomiy ta'sir chorasi qo‘llash vakolatiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 312-moddasiga binoan ish beruvchi quyidagi ta'sir choralaridan birini qo‘llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin.
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari).
Biroq, bunda bir qator tartiblarga roiya qilishi shart. Xususan, xodimdan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilguniga qadar yozma tushuntirishni talab qilishi, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra aniqlangan bo‘lsa, talab qilishi shart.
Binobarin, o‘sha o‘qituvchidan birinchi galda nima sababdan bunday xatolikka yo‘l qo‘yganligini aniqlash maqsadida tushuntirish xati olinishi kerak bo‘ladi. Bunga asosan aniq sabablar ma'lum bo‘lgach, haqiqatda qasddan yoki loqaydlik tufayli baho xato kiritilgan bo‘lsa, u holda xodimga yuqoridagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishi mumkin. Inchunun, Mehnat kodeksining 313-moddasi uchinchi qismi bo‘yicha intizomiy jazo chorasini qo‘llashda sodir etilgan qilmishning og‘ir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Bo‘stonliq tuman adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti
Mashrab SHUKUROV