Янгиликлар
Oilaviy mehmon uylari, xostellar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi
Oilaviy mehmon uylari, xostellar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi
Joriy yil 27-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari, xostellar, oʻtovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi
Oilaviy mehmon uyi – mehmon uyida uy egasining oila aʼzolari bilan birga yashash tamoyili boʻyicha bir vaqtning oʻzida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchi shaxsga 3 metr kvadrat hisobidan toʻgʻri keladigan turar joy maydoniga ega boʻlgan xususiy uy-joy obyekti.
Nizomga koʻra, mehmon uylari, xostellar, oʻtovli va chodirli oromgohlar faoliyati ularni Turizm qoʻmitasi tomonidan yuritiladigan Reestrga kiritish va Reestrdan koʻchirma berish orqali tashkil etiladi.
Mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda tegishli sharoitlar yaratilgan boʻlishi shart. Qaror bilan shuningdek, mehmon uylari, xostellar, oʻtovli va chodirli oromgohlarni Reestrga kiritish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Bunda mehmon uyi, xostel, oʻtovli va chodirli oromgoh faoliyatini tashkil etish istagini bildirgan shaxs (ariza beruvchi) davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan oʻzi kelib murojaat etadi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Soʻrovnoma toʻldirilib, unga tegishli hujjatlar ilova qilinadi. Turizm qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari (vakolatli organ) hujjatlarni olgan kundan boshlab 3 ish kuni davomida koʻrib chiqadi hamda oʻrganib chiqish natijasi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish bepul.
Dilshod Turdimuhammadiyev,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi