Янгиликлар
Bugungi kunda huquqiy targ‘ibot qanchalik kerak?
Bugungi kunda huquqiy targ‘ibot qanchalik kerak?
Fuqarolik jamiyatining muhim elementlaridan biri fuqarolarning qonunlardan qanchalik darajada xabardorligi hamda ushbu qonunlarga amal qilishi darajasi bilan belgilanadi. O‘z navbatida yangi qabul qilinayotgan qonun hamda qonunosti hujjatlarini fuqarolarga yetkazishda huquqiy targ‘ibotning ahamiyati muhim hisoblanadi.
Mamlakatimizda hamma sohalarda olib borilayotgan islohotlarning mazmunini tushunish, ushbu jarayonda faol ishtirok etish, yoshlarning huquqiy madaniyati yuqori bo‘lishini taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-martdagi PQ-3666-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi belgilandi. Muvofiqlashtirish sohasida:
- huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish hamda aholiga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini yetkazishni tashkil qiladi;
- davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlarini baholaydi;
- davlat organlari va tashkilotlari tomonidan huquqiy targ‘ibot bo‘yicha olib borilgan ishlarni o‘rganadi.
Shuningdek, Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga huquqiy targ‘ibot holati haqida har yili axborot taqdim etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2019-yil 22-martdagi 240-sonli “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” Qarori bilan “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risida Nizomi qabul qilindi. Ushbu Nizomga muvofiq ko‘krak nishoni bilan jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shgan davlat organlari va tashkilotlar xodimlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘rsatgan xizmatlari uchun taqdirlanadilar.
Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi. Biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti Adliya vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan topshiriladi.
Bu kabi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mamlakatda fuqarolarining huquqiy onggi hamda huquqiy madaniyati yuksalishiga hamda qonunlarga amal qilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Huquqiy davlatni barpo etishda qatnashuvchi shaxs, huquq va erkinliklarini bilib qolmasdan, demokratiyaning tub ma’nosini anglashi lozim. Chunki, demokratiya huquqiy davlatning tarkibiy qismidir.
Huquqiy davlat qurar ekanmiz fuqarolarning qonunlarni bilishi, qonunga itoatkorlik, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini rivojlantirish har birimizning burchimizdir. Bu borada huquqiy fan o‘qituvchilari, huquqni muhofaza qilish organlari va ommaviy axborot vositalarining xizmatlari katta bo‘ladi va ular zimmasiga mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi.
Huquqiy davlat qurish uchun esa shu davlat poydevorini yaratuvchilar, ya’ni yosh avlod huquqiy jihatdan bilimli, tarbiyali bo‘lishlari kerak. Qonunlarni biladigan, ularga roiya etadigan, davlat va jamiyat manfaatlarini o‘z manfaatlaridan yuqori qo‘yib, ularni bajarishda yuksak saviyaga ega bo‘lgan shaxslarni tarbiyalashda huquqiy targ‘ibotning ahamiyati yuqori hisoblanadi.
Barchaga kirib kelayotgan Konstitusiya kuni muborak bo`lsin.
Nafaqat huquqlaringizni biling, shuningdek burch va majburiyatlaringizni unutmang.
Sog‘liq va salomatlik, oilaviy baxt tilab qolivchi
Chirchiq shahar FHDY
bo`limi mudirasi Y.Raxatova