Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH - USTUVOR VAZIFA


TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH - USTUVOR VAZIFA

 

Tadbirkorlik bu o’z tavakkalchiligi ostida amalga oshiriladigan daromad olishga qaratilgan mustaqil faoliyat turi bo’lib, bugunda ushbu faoliya turini rivojlantirish davlatimizning muhim iqtisodiy vazifalaridan biridir. Albatta tadbirkorlik sohasini keng ko’lamda rivojlantirish borasida bugungi kunga qadar ko’pgina ishlar amalga oshirildi. Xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-244-son farmoniga asosan, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralari belgilandi. Shunindek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish amalga oshirilishi davom etmoqda. Ushbu farmonga asosan 2023-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar:

- tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish;

- elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish;

- yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish kabi ortiqcha talablar bekor qilindi.

Yana shunisi e’tiborliki, mazkur farmonga asosan 2023-yil 1-martdan

- soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;

- axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi;

- Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

- vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash davlat jamg’armasi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-150-son farmoning e’lon qilinishi tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim asos hisoblanadi. Mazkur farmonga asosan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali joylarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilmoqda. Shuningdek, Jamg‘arma - eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali respublikada eksport hajmini oshirishga ko‘maklashish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, mamlakatda kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish, jumladan hududlarda iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim drayver sohalarni rivojlantirish borasida moliyaviy ko‘maklashish, tijorat banklarining kreditlari orqali ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori samara beruvchi yo‘nalishlar, jumladan axborot tizimlari va dasturlarini yaratish loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy yo’nalishlarda o’z faoliyatini olib bormoqda.

        Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil
30-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan
2022-yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-364-son qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlari mikro, kichik va o‘rta toifalarga ajratilgan holda ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Bunda tadbirkorlik subyektlari uchun har bosqichda soliqqa tortish va soliq ma’murchiligini yengillashtirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mexanizmlarni belgilash, yalpi ichki mahsulotda tadbirkorlik subyektlari ulushini aniqlash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan statistikani yuritish va tahlillar o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratildi.

Tadbirkorlik vatanimizning yanada rivojlanishi va taraqqiy etishida asosiy tayanch hisoblanar ekan, tadbirkorlik sohasining rivoji uchun hamohang tarzda davlatimiz tomonidan qulay imkoniyatlar va yengilliklar yaratilishi davom etadi.

      

 

Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti
Aktamova Sitora O’tkir qizi