Янгиликлар
2022 — 2026-YILLARGA MOʻLJALLANGAN YANGI OʻZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI TOʻGʻRISIDA
2022 — 2026-YILLARGA MOʻLJALLANGAN YANGI OʻZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI TOʻGʻRISIDA
Maʻlumki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri uchun shiori ostida olib borilmoqda. Mamlakatimizni 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini taʻminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni taʻminlash boʻyicha taʻsirchan choralar koʻrildi.
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambagʻallikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va taʻlim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan taʻminlash sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Soʻnggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʻrifiy asoslari yaratildi.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʻminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida:
Keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʻatlarini taʻminlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
maʻnaviy taraqqiyotni taʻminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan.
Ohangaron shahar yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yurstkonsulti Hamrayev Baxodir