Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Assalomu alaykum, tashqi o’rindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirmoqchi bo’lsam, kadrimiz ruxsat bermayapti?


Assalomu alaykum, tashqi o’rindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirmoqchi bo’lsam, kadrimiz ruxsat bermayapti?

Avvalo o’rindoshlik tushunchasiga to’xtalib o’tsak. MK 432-moddasiga ko’ra, o‘rindoshlik asosida ishlash xodimning o‘zining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa muntazam haq to‘lanadigan ishni bajarishidir.

Demak, e’tibor bering, o’rindoshlik asosiy ishingizdan tashqari paytda bo’ladi. Masalan, Sizning asosiy ish joyingizda 5 kunlik ish haftasi, ish vaqti 9-00 dan 16-00 gacha. Demak, o’rindosh bo’lib 16-00 dan so’ng ishlashingiz mumkin. Shanba kuni esa o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ham ishlashingiz mumkin (MK 437-moddasi 2-qismi).

Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qaroriga ilova “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bandiga ko’ra, o‘rindoshlik asosida ishlash uchun ish beruvchining, asosiy ish joyidan kasaba uyushmasi qo‘mitasining (xodimlarning boshqa vakillik organining) yoki boshqa organning roziligi talab qilinmaydi https://lex.uz/docs/-2070161 MK 434-moddasida ko’ra, boshqa ish beruvchiga (asosiy ish joyidan tashqari) o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar taqdim etishi shart bo’lgan hujjatlar ro’yxati keltirilgan. Shulardan biri asosiy ish joyidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha ma’lumotnoma. Siz mana shu ma’lumotnomani o‘rindoshlik asosidagi ish joyingizda tadqim qilishingiz shart.

Agar kadrlar bo’limi mazkur ma’lumotnomani taqdim qilishdan bosh tortsa, to’g’ridan to’g’ri tashkilot rahbariga murojaat qiling. Shunda ham natija chiqmasa mehnat inspeksiyasi, adliya organlari, prokuraturaga murojaat qiling.

Diqqat! MK 433-moddasi va 297-son qarorga ilovaning 4-bandida o‘rindoshlik asosida ishlashi taqiqlanadigan shaxslar ro’yxati ko’rsatilgan. Agar Siz shu toifa shaxslar toifasiga mansub bo’lsangiz, o‘rindoshlik asosida ishlay olmaysiz.

Bundan tashqari, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasi (Rahbarlik prinsiplarini qo‘llash) ga ko’ra, bank boshqaruvi a’zolari va muhim ahamiyatga ega xodimlari ish beruvchining roziligi bilan boshqa tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkin, bundan ularning boshqa banklar va tashkilotlarda ishga joylashuvi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.

 

S.Xakimov

Ohangaron shahar adliya boʻlim boshligʻi