Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

Konstitutsiyada aybsizlik prezumptsiyasiga oid qanday kafolatlar belgilangan?


Konstitutsiyada aybsizlik prezumptsiyasiga oid qanday kafolatlar belgilangan?

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida jinoyat protsessida aybsizlik prezumptsiyasi odil sudlovning muhim printsipi hisoblanadi. Shu bois, yangi Konstitutsiyamizning 28-moddasida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator kafolatlar belgilandi. Birinchidan, “aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʼlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak”, degan norma kiritildi. Taʼkidlash lozimki, muayyan jinoyat ishi boʼyicha surishtiruvchi, tergovchi tergov harakatlari, sud esa sud tergovi orqali dalillar toʼplaydi. Аyni paytda, toʼplangan dalillarni baholashda ularga nisbatan shubha paydo boʼlishi mumkin. Bunda, shubhalar ayblov tomonga ishlatilishi kerakmi yoki himoya foydasigami, degan savol yuzaga keladi. Shaxsni aybli ekanligiga oid har qanday shubhalar, ayblash uchun yetarli boʼlmagan maʼlumotlar asosida shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Tergovda shubha ostidagi dalillar asosida ayb eʼlon qilingan boʼlsa ham, bunday vaziyatda aybini tasdiqlovchi dalillarning yetarli emasligi tufayli sudda unga nisbatan oqlov hukmi chiqariladi. Yaʼni, “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan xalqaro standart amal qiladi. Misol sifatida aytish mumkinki, mamlakatimiz sudlari tomonidan soʼnggi 5 yilda 4 ming 700 nafardan ortiq fuqaro oqlangan. Ikkinchidan, “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʼzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin”, degan qoida joriy qilindi.

Shaxsni aybdorligini isbotlash mutlaqo surishtiruv va tergov organlarining bevosita vazifasidir. Аyni shu bois ham, Konstitutsiyamizda shaxsni oʼzining aybsizligini isbotlashi shart emasligiga oid qoida mustahkamlandi. Jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning sukut saqlash huquqidan foydalanishi surishtiruv va dastlabki tergovda unga bosim ostida yoki qadr-qimmatini kamsitib noqonuniy koʼrsatma olish holatlarining oldini oladi. Konstitutsiyamizga kiritilgan mazkur normalar toʼgʼridan-toʼgʼri amal qiluvchi qoidalar boʼlib, tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni taʼminlaydi hamda natijada, shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishidan himoya qiladi. Uchinchidan, “hech kim oʼziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas”, degan mazmundagi insonparvar va qadriyatlarimizga mos norma mustahkamlandi.

Bu qoidaning Konstitutsiyada belgilanishi jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar oʼtkazish, uning shaʼni va qadr-qimmatni kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qoʼllanishini oldini olishga xizmat qiladi.

                                      Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov