Янгиликлар
Rahbarlar oʼz xodimiga lavozim majburiyatiga kirmaydigan topshiriqlar berishga haqlimi?
Rahbarlar oʼz xodimiga lavozim majburiyatiga kirmaydigan topshiriqlar berishga haqlimi?
Huquqiy davlat sifatida Oʼzbekistonda ham har qanday faoliyat, huquq va erkinliklar, majburiyatlar faqat va faqat qonunchilikka muvofiq belgilanishi va amalga oshirilishi lozim. Shu maʼnoda, yangilangan Konstitutsiyamizning 21-moddasida hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas, degan norma mustahkamlandi. Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, boshqalarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, Oʼzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrash, atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʼlish, soliqlar va mahalliy yigʼimlarni toʼlash, Oʼzbekistonni himoya qilish kabi qonuniy burch va majburiyatlar mavjud. Yangi kiritilgan norma fuqarolarga faqat Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlarida majburiy etib belgilanganidan tashqari, boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga burchli emasligini, shuningdek davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari ham ularga qoʼshimcha majburiyatlarni yuklash vakolatiga ega emasligini anglatadi. Bu esa amaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan birorta ham qonunchilik hujjatida nazarda tutilmagan majburiyatni yoki qandaydir vazifani tashkilot rahbari tomonidan xodimga yuklash kabi salbiy holatlarga chek qoʼyadi.
Muhim jihati shundaki, koʼpincha mansabdor shaxslar yoki rahbarlar oʼz boʼysunuvidagi shaxslarga turli koʼrinishdagi ogʼzaki va yozma koʼrsatmalar, topshiriqlar va vazifalarni yuklaydi. Xodim esa bunday holatda noqulay vaziyatga tushadi, hatto ushbu vazifa va topshiriqlarni bajarish oqibatida javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Аyrim holatlarda maktab oʼqituvchilarini hokimiyat yoki mahallalar faoliyatiga koʼmaklashish uchun uning ixtiyoriga zid ravishda jalb etish kabi amaliyot bunga yaqqol misol boʼladi. Shu maʼnoda kiritilgan ushbu norma, eng avvalo, rahbarlarni qonunchilikda koʼrsatilmagan topshiriqlarni berishdan tiyilishga majbur qiladi, ayni paytda xodimlarga ushbu vazifa biror-bir qonunchilik hujjatida koʼrsatilmagan, deb ijro etmaslikka, uni bekor qilinishini yuqori idoralardan talab qilish imkoniyatini beradi. Аmaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan, masalan, jamoat ishlariga jalb qilish, ish vaqtidan tashqari yoki dam olish kunlari ishlash kabi noqonuniy holatlarga Konstitutsiya darajasida qatʼiyan chek qoʼyadi. Mazkur norma Germaniya, Bolgariya, Serbiya, Gruziya, Ispaniya va boshqa mamlakatlar konstitutsiyalarida belgilab qoʼyilgan.
Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov