Янгиликлар
Qonunni kimlar yozadi? Fuqarolar ham qonun ishlab chiqa oladimi?
Qonunni kimlar yozadi? Fuqarolar ham qonun ishlab chiqa oladimi?
Qonunchilik tashabbusi vakolati maʼlum subʼektlarda bor. Ular tomonidan qonun loyihasini ishlab chiqarilishi hamda Qonunchilik palatasiga kiritilishi qonunchilik tashabbusi deyiladi. Yaʼni qonunni qabul qilish uchun oʼzining qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kirita olish huquqi qonunchilik tashabbusi huquqidir.
Аvvalo, qonunning xomaki loyihasi ishlab chiqiladi. U esa vakolatli subyektlar tomonidan tayyorlanadi. Keyin loyiha koʼrib chiqilishi va tasdiqlanishi uchun Parlamentga kiritilishi kerak. Shu oʼrinda qayd oʼtib oʼtish kerakki, deputatlar garchi “qonun ijodkori” deb atalsa ham, ularning ishi aksariyat hollarda ishlab chiqilgan va parlamentga kiritilgan qonun loyihasini koʼrib chiqib, zarur oʼrinda tuzatish kiritishdan iborat. Qonunning haqiqiy ijodkorlari aslida qonun tashabbuskorlaridir.
Аmaldagi konstitutsiyamizning 98-moddasida qonun loyihasini tashabbus qila oladigan subʼektlar roʼyxati keltiriladi. Mazkur subʼektlarni shartli ravishga ikki guruhga ajratib olsak boʼladi.
Birinchi guruh – toʼla qonun loyihasini tashabbus qila oladigan subʼektlardir. Ularga Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Bosh prokuror qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir. Bulardan soʼnggi uchtasi hamma soha boʼyicha emas, oʼz vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʼyicha (masalan, Oliy sud faqat sud-huquq tizimiga oid, Bosh prokuror prokuratura tizimiga taalluqli masalalarda) qonun loyihasini qonunchilik palatasiga kiritishi mumkin.
Ikkinchi guruh tashabbuskorlar yangi tahrirdagi konstitutsiyaga oʼzgarish oʼlaroq kiritildi. Yaʼni Oʼzbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega boʼlgan, yuz ming nafardan kam boʼlmagan fuqarolari, Oliy Majlisining Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʼyicha vakili (ombudsman), Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kirita olishi vakolati belgilandi.
Eʼtibor bering: bu yerda qonunchilikka taklif kiritish urgʼulanmoqda. Аynan shu jihat bilan birinchi guruhda taʼkidlaganimiz tashabbuskorlardan sal farq qiladi. Birinchi guruhdagi tashabbuschilar butun bir qonun loyihasini ishlab chiqib, uni parlamentga kiritishiga haqli boʼlsa, ikkinchi toifadagilar qonunning loyihasini emas, mavjud qonunchilikka oʼzgartirish, qoʼshimchalar kiritishni parlamentga tavsiya qila olishi bilan izohlanadi.
Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov