Янгиликлар
Ish haqi saqlanmagan taʼtil olish: bilish zarur boʼlgan 4 ta maʼlumot
Ish haqi saqlanmagan taʼtil olish: bilish zarur boʼlgan 4 ta maʼlumot
1. Ish haqi saqlanmaydigan ta’til nima?
Ish haqi saqlanmaydigan ta’til deganda xodimning ish o‘rni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq to‘lanmaydigan ta’til tushuniladi. O‘z nomidan ko‘rinib turibdiki, ish haqi saqlanmaydigan ta’tilda xodim ishlamaydi va shunga yarasha oylik maosh ham olmaydi, ammo ishlamaganligi uchun yoki ishga kelmaganligi uchun javobgarlik belgilanmaydi.
2. Bunday ta’tilni xohlagan payt olish mumkinmi?
Xodimning yozma arizasiga ko‘ra, unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin. Lekin bu xodim o‘zi xohlagan paytda va vaqtda ish haqi saqlanmaydigan ta’til olishi mumkinligini anglatmaydi. Ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi. Shunday ekan, xodim ish haqi saqlanmaydigan ta’tilni asoslantirgan holda ko‘rsatishi va ish beruvchi bilan kelishgan holdagina olishi mumkin.
3. Ta’til qancha muddatga berilishi mumkin?
Ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan boshlab kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak. Masalan, shu yili xodimning ish haqi saqlanmaydigan ta’tili muddati tugagan bo‘lsa, u keyingi yili 1 yanvardan boshlab yana ish haqi saqlanmaydigan ta’tilni ish beruvchi bilan kelishgan holda olishi mumkin. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda xodimning yozma arizasiga ko‘ra, ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi ko‘paytirilishi, biroq ko‘pi bilan olti oygacha ko‘paytirilishi mumkin.
4. Ish beruvchining roziligi qachon talab etilmaydi?
Xodimning xohishiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’til quyidagilarga majburiy tartibda beriladi: urush qatnashchilariga, nogironlarga, voyaga yetmagan shaxslarga va shartnomada kelishilgan boshqa shaxslarga. Ushbu xodimlar ish haqi saqlanmaydigan ta’til olishni xohlagan paytidan ta’til olishi mumkin bo‘ladi, ya’ni bunda ish beruvchining roziligi talab qilinmaydi.
Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov