Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

19

1. Da’vo muddati nima?


1. Da’vo muddati nima?

Da’vo muddati – shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir. Masalan, uy sotib olish uchun fuqaro A biror uy quradigan firma bilan shartnoma tuzdi, shartnomaga ko‘ra uy 2023 yil 16 noyabrda topshirilishi kerak edi. Biroq firma uyni topshirmadi. Bu holatda fuqaro A ning huquqlari buzildi, buzilgan huquqlarini himoya qilish uchun firmani sudga berish yoki boshqa usulda huquqini tiklash mumkin bo‘lgan muddat da’vo muddati hisoblanadi.

2. Da’vo muddati qancha? Umumiy da’vo muddati – uch yil. Shuningdek, qonunchilikda yuqoridagi da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus da’vo muddatlari belgilanishi mumkin, masalan:

– yuk tashish bilan bog‘liq nizolarda da’vo muddati 1 yil;

– er-xotindan biri umumiy ko‘chmas mol-mulkni sotmoqchi bo‘lganida ularning har ikkisining roziligi kerak, mabodo er (yoki xotin) umumiy ko‘chmas mulkni (masalan uyni, magazinni, korxonani, dala hovlini) xotinning roziligisiz sotib yuborsa, xotin uyni sotilganini bilganidan boshlab 1 yilda uyni sotish shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun sudga berishi mumkin;

– bola tug‘ilganida uning guvohnomasiga ota-onasiga oid ma’lumot yoziladi, bolaning otasi yoki onasi deb yozilgan shaxs buni bilganidan keyin 1 yil ichida bunga e’tiroz bildirishi mumkin (masalan, men uning otasi emasman deb); pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin yoki er nikohdan ajralgan paytdan 5 yil ichida bir biridan aliment talab qilishi mumkin.

3. Mehnat nizolari bo‘yicha da’vo muddati qancha? Xodim yoki ish beruvchi o‘zining huquqlari buzilganida quyidagi muddatlarda sudga murojaat qilishi mumkin: ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha – xodimga ishdan bo‘shatishga oid buyruq ko‘chirma nusxasi berilgan kundan uch oy; xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha – zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan bir yil; boshqa mehnat nizolari bo‘yicha – xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan olti oy.

4. Da’vo muddatini o‘zgartirish mumkinmi? Yo‘q, mumkin emas. Da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirilishi mumkin emas. Bunday kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emas hisoblanadi hamda sud tomonidan inobatga olinmaydi. Masalan, ish beruvchi va xodim mehnat shartnomasida da’vo muddatini 1 oy qilib belgiladi. Bu kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emas, chunki mehnat nizolari bo‘yicha aniq muddatlar Mehnat kodeksida belgilab qo‘yilgan.

Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov