Янгиликлар
Issiq suv va “otopleniye”dan foydalanish: 6 ta muhim savolga javob
Issiq suv va “otopleniye”dan foydalanish: 6 ta muhim savolga javob
Issiqlik energiyasidan foydalanish tartibi qanday? Issiqlik energiyasidan issiqlik ta’minoti korxonasi va iste’molchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida foydalaniladi. Bunda iste’molchining issiqlik qurilmalari bevosita ushbu korxonaning tarmoqlariga ulangan bo‘lishi lozim. Shartnomaning namunaviy shakli Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Unga qonunchilikka zid bo‘lmagan qo‘shimcha bandlar kiritilishi mumkin.
Tarif o‘zgarsa nima bo‘ladi: shartnoma bo‘yicha haq to‘lanadimi? Tarif o‘zgargan taqdirda, sanasidan qat’i nazar, issiqlik energiyasidan foydalanish shartnomasi o‘z kuchida qoladi. Iste’molchi issiqlik energiyasi uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab yangi tarif bo‘yicha haq to‘lashga majbur.
Issiqlik tarmog‘iga boshqa iste’molchilarni ulasa bo‘ladimi? Iste’molchi faqat issiqlik ta’minoti korxonasi bilan kelishgan holda issiqlik tarmog‘iga boshqa iste’molchilarni ulashi mumkin. Ular bilan issiqlik energiyasidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzishiladi. Buning uchun Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasidan ruxsat olish kerak. Shundan keyin issiqlik ta’minoti korxonasi boshqa iste’molchilarni tarmoqqa ulab beradi.
Issiqlik ta’minoti korxonasining iste’molchini ogohlantirmasdan uni issiqlik ta’minotidan uzib qo‘yishga haqqi bormi? Issiqlik ta’minoti korxonasi tizimidagi avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish yoki odamlarning xavfsizligini ta’minlash ishlarini o‘tkazish bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rish zarur bo‘lganda aholini issiqlik ta’minotidan uzib qo‘yishi yoki cheklashi mumkin. Bunda iste’molchi bilan kelishilmagan va u ogohlantirilmagan bo‘lishi mumkin, biroq uni darhol xabardor qilish talab etiladi.
Xavfsizlik masalasi qanday? Kim nazorat qiladi? Issiqlik energiyasining oqilona va samarali ishlab chiqarilishi, uzatilishi va iste’mol qilinishi, xavfsizlik masalalari ustidan Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi davlat nazoratini olib boradi.
Tadbirkorlik subyektlari issiqlik tarmoqlariga qanday ulanadi? Tadbirkorlik subyektlari yoki tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari buyurtmanoma bergandan keyin, tadbirkorlarga issiq suv va “otopleniye” issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan uch ish kunidan oshmaydigan muddatda berilishi kerak.
Toshkent tumani adliya bo‘limi xodimi M.Kurbanov