Янгиликлар
Darslarini oʻz vaqtida oʻtmagan oʻqituvchilarga qanday chora bor?
Darslarini oʻz vaqtida oʻtmagan oʻqituvchilarga qanday chora bor?
Assalomu alaykum fan oʻqituvchisi darslarni vaqtida oʻtmasa qanday chora bor?
Birinchidan, oʻqituvchi ishga kelmasa, darslarini oʻz vaqtida oʻtmasa, tabelga tegishli belgi qoʻyiladi.
Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169)ning 285-bandiga koʻra oyning oxirida tabel boʻyicha ishlangan kunlarning umumiy miqdori, shuningdek, ortiqcha ishlangan soatlar aniqlanadi. Toʻldirilgan va tegishli imzolar bilan rasmiylashtirilgan tabel va boshqa hujjatlar belgilangan muddatda ish haqi hisoblab yozish uchun buxgalteriyaga topshiriladi.
Shu qoidaga koʻra oʻqituvchi ishga kelmasa, unda Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 55-ilovada belgilangan
P (progullar) belgisi qoʻyiladi.
Ikkinchidan, Xalq taʼlimi vazirining 2022 yil 24 iyundagi 205-son buyrugʻi 1-ilovasi bilan tasdiqlangan koʻrsatmalarning 11-bandiga muvofiq “Kundalik” elektron sinf jurnaliga oʻz vaqtida belgilarning qoʻyilmasligi oʻqituvchi dars oʻtmaganligini bildiradi va ushbu dars uchun ish haqi toʻlanmaydi. Shundan soʻng tegishli tartibda unga nisbatan intizomiy taʼsir chorasi koʻrish boshlanadi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 312-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:
1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima.
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (161-moddasi 4 va 5-qismlari).
Ushbu kodeks 313-moddasiga koʻra yuqoridagi jazo turlari faqat uni qoʻllashga vakolatli shaxslar tomonidan berilishi mumkin. Taʼkidlash lozimki, intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Eʼtibor bering! 313-moddaning ikkinchi qismida intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozimligi aytilmoqda.
Shuningdek, xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojoʻya xatti-harakati uchun jazo qoʻllashga toʻsiq boʻla olmaydi.
Demak, ishga kelmagan xodimlarga yuqoridagi intizomiy taʼsir choralaridan birini qoʻllash mumkin. Bunda birinchi navbatda xodimdan tushuntirish xati olish lozim. Agar u tushuntirish xati yozishdan bosh torsa, unda dalolatnoma tuzish mumkin boʻladi. MK 313-moddasiga koʻra buyruq chiqariladi va xodimga tilxat olgan holda buyruq tanishtiriladi