Янгиликлар
Vrachlar 1 stavkadan ortiq ishlashi mumkin emasmi?
Vrachlar 1 stavkadan ortiq ishlashi mumkin emasmi?
Assalomu alaykum. Men tibbiyot muassasida vrach boʻlib ishlayman. 1.25 stavkada ishlar edim. Kadrlar boʻlimi boshligʻi 1 stavkadan ortiq ishlash mumkin emas deb ariza yozishga majbur qildi va 1 stavkaga tushirib qoʻydi. Shu ishi qonunan toʻgʻri boʻldimi?
Mehnat kodeksining 184-moddasiga koʻra ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zoʻriqish bilan bogʻliq boʻlgan, yaʼni alohida xususiyatga ega boʻlgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga koʻpi bilan oʻttiz olti soat qilib belgilanadi.
Mana shu qoidaga koʻra, toʻliq stavkada ishlayotgan tibbiyot xodimlarining haftalik ish soati 36 soatdan oshmasligi kerak. Boshqacha aytganda 1 stavka ishlayotgan tibbiyot xodimi 1 haftada 36 soat ishlashi lozim.
Endi qarang! Ushbu kodeks 206-moddasida ishning tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi oʻrtasidagi har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olish davomiyligi, shu jumladan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Qoidaning mazmuniga koʻra xodimning bir ish kuni bilan ikkinchi ish kuni oʻrtasidagi dam olish vaqti 12 soatdan kam boʻlmasligi shart. Agar qoidani teskarisiga oʻgiradigan boʻlsak, unda xodim 1 kunda 12 soatgacha ishlashi mumkin. Mehnat qonunchiligida xodimlarning stavkasiga oid aniq qoida belgilanmagan. Xodimlarning stavkasi yuqoridagi ikki qoida bilan aniqlanadi.
Demak, tibbiyot xodimi toʻliq stavkada haftasiga 36 soat, agar u 1.5 stavka ishlaydigan boʻlsa, haftasiga 54 soat ishlashi mumkin. Hech qanday cheklov mavjud emas.
JAVOB, bu holatda sizning stavkangizni kamaytish mumkin emas, yaʼni Siz bemalol 1.25 stavkada ishlashingiz mumkin.