Янгиликлар
Xodim 3-marta ishga kech kelganligi sababli uni ishdan boʻshatsa boʻladimi?.
Xodim 3-marta ishga kech kelganligi sababli uni ishdan boʻshatsa boʻladimi?.
Xodim 3-marta ishga kech qolishining oʻzi birdaniga intizomiy jazo sifatida ishdan boʻshatib yuborishga olib kelmaydi. Biroq, tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimni bir kun ichida qanchadir vaqt ishda boʻlmasligi mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzilishi sifatida koʻrsatilgan boʻlsa, bu holat ishdan boʻshatishga asos sifatida qabul qilinishi mumkin.
Chunki, Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandi va 312-moddasiga koʻra xodim oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzadigan boʻlsa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi intizomiy jazo sifatida bekor qilinishi mumkinligi koʻrsatilgan.
Mehnat kodeksining 162-moddasida esa xodimlar tomonidan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol buzilishi holatlari roʻyhati shu tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida koʻrsatilgan boʻlishi shart.
10 yoki 20 daqiqa kechga qolganlik faktining mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishi sifatida ichki mehnat tartibi qoidalariga kiritilishi juda-juda kam uchraydigan holat.
Amaliyotda biz bir kunda 3 yoki 4 soat davomida ishda boʻlmaslik holatini majburiyatni bir marta qoʻpol ravishda buzish sifatida belgilanganiga koʻp guvoh boʻlamiz.
Maslahatim, siz ham tashkilotdagi Ichki mehnat tartibi qoidalariga va undagi “mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzilishlar roʻyhati”ga qarang. Unda, qancha vaqt kech qolish progul sifatida ana shu roʻyhatga kiritilganini aniqlang. Agar sizning har bir kechga qolishingiz masalan, 10-20 daqiqa atrofida boʻlgan boʻlsa, katta ehtimol bilan bu yuqoridagi roʻyhatga boʻlmaydi va bu vaziyatda sizni ishdan boʻshatish noqonuniy boʻlib qoladi.
Agarda, kechga qolish holatlaringiz (har biri yoki ulardan bittasi) 3 yoki 4 soat atrofida boʻlgan boʻlsa, bu fakt Ichki mehnat tartibi qoidalarida ishdan boʻshatishga asos boʻladigan progul holati sifatida kiritilgan boʻlishi mumkin. Bunday holatlarda, agarda uzrli sabablarni taqdim eta olmasangiz, ish beruvchi sizni ishdan boʻshatishga haqli boʻlib qoladi.
Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti Mavlanov Baxodir Bazarbay oʻgʻli