Янгиликлар
Endilikda davlat dasturlari doirasida kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshiriladi
Endilikda davlat dasturlari doirasida kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshiriladi
Tadbirkorlik — bu tashabbus va faollik asosida kelgusida yuz berishi mumkin boʻlgan turli xatarlarni hisobga olib, masʼuliyat va javobgarlik bilan amalga oshiriluvchi iqtisodiy faoliyatdir. U erkinlik, ijodkorlik hamda raqobat muhiti uygʻunligida juda katta bunyodkorlik kuchini hosil qiladi. Ayniqsa, faoliyat koʻlami jihatidan nisbatan ixcham boʻlgan kichik tadbirkorlik iqtisodiyotdagi konyunkturaviy oʻzgarishlarga tezlik bilan moslasha olish, isteʼmolchining did va qiziqishlarini anglash va eʼtiborga olish, ichki imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, raqobat muhitini kuchaytirgan holda iqtisodiyotga joʻshqinlik baxsh etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Aholini kichik va oʻrta biznesga jalb qilish, qoʻllab-quvvatlash va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish boʻyicha maqsadida joriy yilning 15-noyabrida “Aholini kichik va oʻrta biznesga keng jalb qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilinib ijroga qaratildi.
Mazkur qarorga asosan, 2024–2026-yillarda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan:
-kichik tadbirkorlarga ajratiladigan kredit qoldigʻi 1,7 baravarga oshirilib, ularning kredit portfelidagi ulushi 28 foizdan 43 foizga yetkazilishi,
-kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 800 million AQSH dollarigacha resurs jalb qilinishi,
-300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarilishi,
-150 mingta kichik tadbirkorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Shuningdek, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:-kichik va oʻrta tadbirkorlarga koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmi 8 trillion soʻmdan 14 trillion soʻmga yetkazilishi, 150 ta oʻrta biznes korxonasiga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyiha tadbirkorlarga sotilishi, oʻrta tadbirkorlar soni 2,5 baravarga oshirilishi va 300 million AQSH dollari miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarilishi belgilandi.
Bundan tashqari, qaror bilan 2024-yilda 2 million aholini biznesga jalb qilishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanib, 2024-yil 1-iyuldan davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish uchun kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshirilishi, 2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 milliard soʻmgacha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotishga ruxsat berilishi belgilandi.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova