Янгиликлар
Inson huquqlari – oliy qadriyat!
Inson huquqlari – oliy qadriyat!
Zardushtiylik muqaddas kitobi “Avesto”da inson huquqlarining ustuvorligi, insonlarning jamoa boʻlib yashash tarzi, ular, shuningdek davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar, jamoa hayoti bilan bogʻliq masalalarni birgalikda hal etish tartibi qayd etilgan. “Avesto”dagi Soʻgʻd hujjatlari oʻsha davr uchun mukammal boʻlgan huquq tizimi va oila-nikoh normalari amal qilganligini qoʻrsatadi. Unda huquqiy munosabatlar ishtirokchilari tarkibi, ularning huquq va majburiyatlari, shartnoma shartlari, shartnomaning bajarmaganlik oqibatlari, sharnoma tuzish vaqti va joyi batafsil aks etgan.
Oʻsha davrlarda mehnat faoliyati, jamoalarni boshqarish saylanadigan oqsoqollar qoʻlida boʻlib, jamoa hayoti bilan bogʻliq barcha ishlar Oqsoqollar kengashi orqali hal etilgan. Oqsoqollar kengashining boshligʻi zimmasiga qishloqda istiqomat qiladigan jamoaning manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
“Temur tuzuklari”da esa “Saltanatning ishlarini qonun-qoida va intizomga solib, saltanatim martabasiga zebu ziynat berdim” deb taʼkilagan Sohibqiron bobomiz. Amir Temur saltanatida sipohiy qoʻl ostidagi kishiga zulm oʻtkazsa, u xizmat doirasidan tashqari chiqqan sanalib, sipohiyning oʻzi jabrlanuvchilarga topshirilgan. Bu holda jabrlanuvchi sipohiyni xohlagancha jazolashi mumkin boʻlgan.
Azaldan erksevar boʻlgan xalqimiz, beva-bechoralar, yetim-yesirlar, nochor va nogironlarga madad qoʻlini choʻzishni insoniy burch hisoblagan.
Inson huquqlari – har bir alohida shaxsning qadr-qimmati va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlaydigan qoidalar majmuasidir. Ular huquqiy davlat konstitutsiyaviy huquqining negizini tashkil etib, shaxsning huquqiy maqomi asosini va asosiy huquqlarini mujassamlashtiradi.
10-dekabr – Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilingan kun Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil toʻldi. BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilinib, tashkilotga aʼzo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega boʻlgan mazkur Deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli boʻlgan huquqlarni belgilaydi. Bu hujjat dunyoning shu kungacha besh yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan boʻlib, eng koʻp tarjima qilingan hujjatdir. 30 moddadan iborat Deklaratsiya inson huquqlari boʻyicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi
Inson huquqlariga oid qonunchilik 3 bosqichda yaratilgan. Birinchi bosqich Inson va fuqaro huquqlari fransuz deklaratsiyasidan boshlanib, to birinchi jahon urushigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Ushbu bosqichda shaxs erkinligi, dahlsizligi va fuqarolar tengligi, xususiy mulk, saylov huquqlariga oid masalalar oʻrin egallagan.
Inson huquqlarining ikkinchi bosqichi XX asrning 1-yarmini oʻz ichiga olib, bunda insonning mehnat qilishi, dam olishi, ijtimoiy yordam olishi kabi huquqlari qonunchilikning asosiy qismini egallagan.
XX asrning 2-yarmidan boshlab hozirgagacha boʻlgan davr – inson huquqlari qonunchiligining uchinchi bosqichi hisoblanadi va bu yillar davomida insonlarni tinch yashash, sof va toza atrof muhitga ega boʻlishi, axborot olish huquqlariga katta eʼtibor qaratilgan
Hozirgi davrda inson huquqlariga oid BMT tomonidan 70 ga yaqin, Yevropa Kengashi Bosh assambleyasi tomonidan 160 dan ziyod, YUNESKO tomonidan 70 dan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan esa 30 dan ortiq xalqaro konvensiyalar, deklaratsiyalar, paktlar qabul qilingan.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi paytda inson huquqlari boʻyicha 400 ga yaqin xalqaro hujjat mavjud. Shulardan eng muhimi, BMT Bosh assambleyasining rezolyutsiyasi bilan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hisoblanadi. Butun dunyoda inson huquqlariga taalluqli boʻlgan qonun hujjatlari mana shu BMTning hujjati asosida ishlab chiqilib, qabul qilingan.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi barcha mamlakatlar kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham oʻzagini tashkil etadi va mamlakatimiz asosiy qomusining yaratilishi inson huquqlariga oid qonunchilik tizimining uchinchi bosqichiga toʻgʻri keladi.
Maʼlumki, joriy yilning 30-aprel kuni mamlakatimizda birinchi marotaba umumxalq referendumi orqali yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Asosiy qonunimizning 65 foizi xalq muhokamasi va takliflari asosida yangilanib, Inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga oshirildi. Shu nuqtayi nazardan yondashilsa, inson huquqlarining deyarli barcha moddalari Konstitutsiyamizda oʻz aksini topgan.
Jumladan, Deklaratsiyaning 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkin boʻlish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, deyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida esa “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir”, deb belgilangan.
Taʼkidlash joizki, har ikkala hujjatda yuqorida qayd etilgan huquqlar har bir insonning fundamental huquqlari ekanligi mustahkamlangan.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova